Bugungi kunda O始zbekiston zamini qa始rida 70 dan ortiq turdagi 2000 tadan ko始proq foydali qazilma konlari mavjud bo始lib, ularni o始zlashtirish orqali yer osti boyliklarining yurtimiz iqtisodiy rivojlanishida munosib ulushi bo始lishiga yo始naltirilgan samarali sa始y-harakatlar amalga oshirilmoqda. 袗yniqsa, yurtimiz ma始dan konlari bilan bir qatorda noma始dan foydali qazilmalariga ham juda boy.
Prezidentimiz 27-aprel kuni o始tkazgan geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag始ishlangan yig始ilishda oxirgi uch yilda ushbu sohani tubdan isloh qilish bo始yicha muhim qarorlar qabul qilingani va shu davrda tarmoqqa ajratilgan mablag始lar 3 barobarga oshgani ta始kidlandi.
Darhaqiqat, sohadagi uskunalarning uchdan bir qismi yangilandi. 850 tadan ziyod ilg始or va innovatsion texnologiyalar joriy etildi. Natijada qidirilayotgan qazilma boylik turlari 3 tadan 17 taga ko始paydi. Ruda tarkibida aniqlanadigan elementlar soni 12 tadan 40 taga yetkazildi. 2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik kompleks ishga tushirilib, yer qa始rini innovatsion usullarda o始rganish yo始lga qo始yildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi “Qattiq foydali qazilmalar va konlarni geologik o始rganish maqsadida, dasturiy istiqbolli tanlangan maydonlarni va foydali qazilmalarining strategik muhim turlari sanoatini o始zlashtirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mezonlarini tasdiqlash to始g始risida”gi qaroriga muvofiq tasdiqlangan geologik o始rganish uchun xorijiy investitsiyalar jalb qilinadigan qattiq foydali qazilmalarning strategik muhim turlari istiqbolli maydonlari ro始yxati tuzilib, unga 120 dan ortiq foydali qazilma konlari kiritilgan edi. Ushbu ro始yxatdagi konlarning 50 foizga yaqini Navoiy viloyati hududida joylashgan. 袗yniqsa, Qizilqum va Nurota kon maydonlari noma始dan va ma始dan foydali qazilmalarga boy bo始lib, ushbu konlarda geologik tadqiqotlarni olib borishda yangicha yondashish talab etiladi. Yana shuni alohida ta始kidlash joizki, Navoiy viloyati hududida nafaqat foydali qazilma boyliklari, balki texnogen chiqindi uyumlari ko始p to始plangan bo始lib, ularning foydali komponentlarini kompleks o始rganishga yo始naltirilgan geologik tadqiqotlarni tizimli o始tkazish natijalari yurtimiz iqtisodiyotining rivojiga yana bir qo始shimcha manba bo始lib xizmat qiladi.
Sohaning investitsion jozibadorligini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, davlatimiz rahbari buning uchun xalqaro standartlarni joriy etish kerakligini ta始kidladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, geologlarni JORC standartlari bo始yicha ma始lumot tayyorlashga o始qitish muhimligi qayd etildi. O始zlashtirish uchun tayyor 20 ta konga tajribali investorlarni jalb qilish, boshqa istiqbolli maydonlar bo始yicha sarmoyaviy loyihalarni shakllantirish yuzasidan ko始rsatmalar berildi.
2019-yilda Navoiy viloyatining erkin iqtisodiy hududga aylanishi hamda O始zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to始g始risida”gi qarori nafaqat xorijiy investorlarning, balki mahalliy tadbirkorlarning ham Qizilqum va Nurota ma始dan maydonlaridagi foydali qazilma konlariga bo始lgan qiziqishlarini oshirmoqda.
Faqat, investorlarni o始ylantiradigan muammolardan biri, ko始pgina taklif qilinayotgan konlarning bashoratlangan zahiralar ekanligi yoki geologiya qidiruv ishlari oxiriga yetkazilgan bo始lsa-da, real mavjud zahiralar davlat zahiralar komissiyasiga topshirilib, kon sifatida davlat ro始yxatiga kiritilmaganligidir. Bu investorlar tomonidan qayta geologik tadqiqotlar olib borilishini talab qiladi. Investorda mablag始 bor, lekin unda geologik tadqiqotlar olib borish uchun na tajribali mutaxassis, na texnik imkoniyati bor.
袗yni shu masalalar yechimida Geologiya fanlari universitetining tashkil etilishi ayni muddaodir. Bu bo始yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Uning o始quv dasturlari Sankt-Peterburg konchilik universiteti va boshqa xorijiy ta始lim muassasalarning ilg始or tajribasi yordamida ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kunda, dunyo tajribasidan kelib chiqib, ko始pgina hollarda ba始zi noma始dan konlarining iqtisodiy samaradorligi ma始dan konlaridan olinadigan foydadan ancha yuqoriligi e始tirof etiladi. Bunda, noma始dan boyliklarni qazib olishga, qayta ishlashga, boyitishga ketadigan sarf- harajatlarning nisbatan sezilarli darajada pastligi, aksariyat hollarda noma始dan konlarining yer yuzida yoki yer yuziga yakin joylashgani hamda ulardan xalq xo始jaligining turli sohalarida tabiiy holda qo始llash imkoniyatining borligi ham muhimdir. Masalan, bentonit gillari farmatsevtikadan tortib oziq-ovqat sanoatigacha bo始lgan 200 dan ko始proq sohalarda tabiiy holda yoki qisman tozalangan va boyitilgan tarzda ishlatiladi. Sarflanadigan harajatlar esa sotilish narxining bor yo始g始i 25-30 foizini tashkil etadi. Qiyoslaganda oltin ma始danini qazib olish va tayyor mahsulot holiga keltirishgacha bo始lgan harajatlar katta mablag始 talab qilishi bilan birga, uning tannarxi sotilishiga nisbatan 70-75 foizni tashkil etadi.
Bu borada geologlar uchun sohasining yetuk mutaxassisi bo始lishning o始zigina yetarli emas, ya始ni boshqa turdosh sohalar vakillari (konchilar, texnologlar, geotexnologlar, kimyogarlar, fiziklar) ishtirokisiz, ularning ilmiy salohiyatlarini jalb qilmasdan, olimlar, ular bilan bir jamoa bo始lmasdan turib, ular oldilariga qo始yilgan vazifalarning samarali yechimini topa olmaydilar.
Shuning uchun, geologlar, konchilar, texnologlar, geotexnologlar, kimyogarlar, fizik va matematik olimlar ishtirokida, sohaga oid ishlab-chiqarish korxonalarining yetuk mutaxassislarini jalb qilgan holda birlashgan ilmiy jamoalarni kuchli ilmiy salohiyatga ega bo始lgan kooperatsiya ko始rinishidagi guruhlar sifatida tashkil etib, ilmiy-amaliy tadqiqot va innovatsion megaloyihalarni amalga oshirish samarali natija beradi, deb o始ylaymiz.
To始g始ri, O始zdavgeolqo始m ekspeditsiyalarida geologik tadqiqotlarni olib borishga texnik imkoniyatlar va yuqori malakali mutaxassislar bor. Lekin ular birinchi navbatda o始zlariga yuklatilgan geologiya qidiruvining davlat dasturi doirasida ishlashadi. Investor buni tushungan holda o始zi tanlagan obyektda geologiya qidiruv ishlarini sifatli va tezkor olib borish imkoniyatiga ega bo始lgan muqobil korxonani qidirib, boshi berk ko始chaga kirib qoladi. Bu esa, o始z navbatida, investorlarga taklif qilinayotgan konlarning investitsion jozibadorligiga salbiy ta始sir ko始rsatadi. Bu muammoni Fanlar akademiyasi Navoiy bo始limi olimlari tomonidan Bo始lim qoshida davlat-xususiy sherikchilik asosida hamda xorijiy investorlar ishtirokida ochish taklif qilinayotgan mobil geologorazvedka otryadi samarali yechishi mumkin.
Bundan tashqari, bu jarayonlarda, Navoiy bo始limi tomonidan Fanlar akademiyasi tassarufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriya bazasidan, ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish bilan bir qatorda, yangicha yondashish sifatida bugungi kunda nafaqada bo始lgan yetuk geologlarni hamda hududdagi investorlarga taklif qilinayotgan konlarning dastlabki tadqiqotlarida ishtirok etgan keksa olimlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali, vaqtinchalik ijodiy jamoa ko始rinishidagi yuqori potentsialga ega bo始lgan guruhni tuzish imkoniyati ham yaratiladi.
Bunday Ilmiy jamoa geologiya qidiruv ishlarini tez, samarali, ishonarli olib borilishiga va investorning ishonchini qozonishga, uning qo始rqmasdan mablag始 kiritishiga zamin yaratadi.
袗bdurazzoq MIRZ袗YEV,
O始zR FA Navoiy bo始limi raisi,
geologiya-mineralogiya fanlari doktori.