2021-yil 5-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda “Gavharshod begimning hayoti, shaxsiyati, ijtimoiy-siyosiy va madaniy-maʼrifiy faoliyati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʼtkazildi.
Anjuman muzey direktori t.f.n. Xurshid Fayziyev va TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyevaning kirish va qutlov so‘zlari bilan ochib berildi. Anjuman davomida Temuriylar tarixi davlat muzeyining bir qator olimlari, xususan muzey bo‘lim mudiri, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, t.f.d., prof. Abdumajid Madraimovning “Temuriylar davri miniatyuralarida sozchi ayollar siymosi tasviri”, katta ilmiy xodim, t.f.d. Omonulla Bo‘riyevning “Temuriylar bunyodkorligida ayollar ulushining yozma manbalardagi in’ikosi”, katta ilmiy xodim, t.f.n., dots. Ozoda Rahmatullayevaning “Temuriy malikalar faoliyatining tarixiy tadqiqotlarda yoritilish”, ilmiy xodim, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Xayitning “Gavharshodbegim yohud temuriy malikalarning bolalar tarbiyasiga oid qarashlari” va ilmiy xodim Farrux Avazovning “Gavharshodbegimning siyosiy faoliyatiga doir” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.
Shuningdek, TDSHUning sharqshunos-tarixchilari, hamkor tashkilot – Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Tarix instituti ilmiy xodimlari hamda manbashunos, tarixshunos mutaxassis olimlar bilan bir qatorda, shu sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan doktorantlar, magistrantlar va mustaqil tadqiqotchilar qatnashdilar.