O始zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O始zbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor bo始limi mudiri, O始zbekiston Respublikasida xizmat ko始rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Mamatquli Jo始rayev 2021-yilning 24-avgust kuni 65 yoshida olamdan o始tdi.

Mamatquli Jo始raev 1956-yil 1-oktyabrda Buxoro viloyatining Qorako始l tumanida tug始ilgan. U o始zbek filologiyasining atoqli namoyandalaridan biri, xalq og始zaki badiiy ijodiyotini keng ko始lamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan fan tashkilotchisi, eposshunoslikning ko始plab nazariy masalalarini jahonshumul darajada hal qilgan yirik folklorshunos olim edi.
M.Jo始rayev o始zbek folklorshunosligining dolzarb masalalariga doir 60 ga yaqin kitob, shu jumladan, 20 ga yaqin monografiya, 8 ta o始quv qo始llanma va xorijiy mamlakatlarda bosilgan 4 ta kitob muallifidir. Uning hozirgacha 500 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari nashr etilgan bo始lib, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog始iston kabi mamlakatlarning ilmiy nashrlarida chop ettirilgan 80 ga yaqin ilmiy maqola va axborotlari xorijlik olimlar tomonidan e始tirof etilgan. So始nggi 3 yil ichida olimning 20 ta kitobi chop etilgan bo始lib, shundan 2 tasi Germaniya va Rossiya Federatsiyasida nashr qilingan.
O始zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi nomidan marhumning oila a始zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz!