Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Fanlar akademiyasi va IUCN o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi


Avval xabar berganimizdek, 2025-yil 3-4-iyun kunlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutida “Xalqaro Tabiatni Muhofaza Qilish Ittifoqining (IUCN) Qizil ro‘yxat mezonlarini qo‘llash bo‘yicha uslubiy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro seminari o'tkazildi.
Seminar doirasida Fanlar akademiyasi va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova, IUCN bosh direktori Grethel Aguilar, IUCNning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Dmitriy Gorshkov, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Oliver Avramoski, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika va Zoologiya institutlari rahbariyati ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar o‘z tashkilotlari faoliyati, so‘nggi yillardagi muhim tashabbuslar, amalga oshirilgan loyihalar va erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot almashdilar. Jumladan, Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, xususan 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan “Raqamli tabiat” dasturi doirasida Botanika va Zoologiya institutlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar taqdim etildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni muhofaza qilish masalalari, Qizil kitobning yangi nashriga tayyorgarlik jarayoni hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir doirasida mehmonlar Botanika institutida saqlanayotgan noyob Milliy gerbariy fondi bilan tanishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish borasida o‘zaro kelishuvga erishdilar. Tadbir so‘nggida IUCN delegatsiyasiga O‘zbekiston Qizil kitobining o‘simliklar va hayvonlarga bag‘ishlangan nashrlari esdalik sovg‘asi sifatida topshirildi.
 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!