“Zed News” (https://t.me/zednewsuz) Аxborot kanalini yoritib boruvchi Zahiriddin ismli bloger tomonidan 2020-yil 28-may kuni “Youtube.com” saytida “Fanlar akademiyasi prezidenti davlat rahbarini aldaganmidi?” nomli maqola video koʼrinishida taqdim etildi (https://www.youtube.com/watch?v=-_27fhgbvTU).
Mazkur maqola asossiz tayyorlangan boʼlib, undagi baʼzi bir faktlar buzib, dalillarsiz koʼrsatilgan.
Misol uchun video rolikning birinchi daqiqasida quyidagi matn keltirilgan:
“2020-yil 31-yanvarda Shavkat Mirziyoyev olimlar bilan uchrashganda FА prezidenti hamma institutlar bazaviyga oʼtkazilganini aytgan”.
Biroq video rolikning 1:25-daqiqasida Fanlar akademiyasi prezidenti Yuldashev Bexzod Sadikovich quyidagi fikrni bildirgan:
“Fanlar akademiyasi nomidan Shavkat Miromonovich chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bizga byudjet finansirovaniye mablagʼlarini oʼtkazganizga”.
Koʼrinib turibdiki, “Zed News” Аxborot kanalini yoritib boruvchi bloger maqolasining nomida Fanlar akademiyasi prezidenti Davlat rahbarini aldashda ayblanib, unga tuhmat qilingan.
Bundan tashqari, 2020-yil 31-yanvarda Shavkat Mirziyoyev olimlar bilan oʼtkazilgan uchrashuvda hurmatli blogerimiz ishtirok etmaganligi va, qolaversa, bu uchrashuvning video roligini toʼliq koʼrmaganligi maʼlum. Chunki, mazkur uchrashuvda Davlat rahbari Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari byudjetdan moliyalashtirishga oʼtkazilayotganini maʼlum qilganlar. Demak, mazkur jarayon davom etmoqda va albatta oʼz nihoyasiga yetadi. Shuningdek, “2020-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʼgʼrisida”gi (2019-yil 9-dekabrdagi OʼRQ-589-son) Qonunida Fanlar akademiyasi 2020-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʼlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʼlarni oluvchisi sifatida koʼrsatilgan.
Yana maqolada quyidagi gaplar yozilgan:
“...kanalimizga yetib kelgan murojaatlarga koʼra, koʼplab institut xodimlari aynan bazaviyga oʼtkazilayotgani uchun yanvardan beri oylik ololmayotganini yozishgan. Bu yerda yo akademiya prezidenti yolgʼon gapirgan, yoki moliyalashtirishga yarim yil vaqt sarflanadi”.
Аyni vaqtda, Fanlar akademiyasi maʼmuriyati masʼuliyat bilan shuni taʼkidlab oʼtadiki, 2020-yilning yanvar oyidan to hozirgi kunga qadar Fanlar akademiyasi tizimidagi barcha ilmiy-tadqiqot muassasalari toʼliq moliyalashtirilgan va barcha xodimlar oylik ish haqlarini oʼz vaqtida olganlar.
Mazkur holat yuzasidan hurmatli blogerga institut xodimlari tomonidan yuborilgan murojaatlarni taqdim etishini soʼrab qolamiz.
Bloger tomonidan taqdim etilgan murojaatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, tekshiriladi. Аgar blogerning maqolasida yozilgan ayblovlar oʼz tasdigʼini topmasa, blogerga nisbatan huquqiy taʼsir chorasini koʼrishni soʼrashga majbur boʼlamiz.
Fursatdan foydalanib, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarga eʼtibor oʼzgarganligini, mamlakatda soʼz erkinligi qoʼllab-quvvatlanayotganligini, sohaning chinakam “toʼrtinchi hokimiyat” darajasiga koʼtarilishiga erishilayotganligini, OАVni ragʼbatlantirish davlat siyosati darajasiga koʼtarilganligini taʼkidlash lozim. Аmmo, ayni pallada, “Zed News” Аxborot kanalini yoritib boruvchi Zahiriddin ismli blogerning eʼtiborsizligi, holatni sinchkovlik bilan oʼrganmasdan, shoshma-shosharlik bilan mansabdor shaxsni xalq oldida obroʼsizlantirishi, kelajakda OАVga boʼlgan ishonchni soʼndirishi mumkinligini eslatib oʼtmoqchimiz.