Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan COVID-2019 RNKsini ajratish diagnostik toʼplami ishlab chiqildi


Bugungi kunda dunyo miqyosida COVID-19 bilan kasallanganlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan COVID-19 ni diagnostika qilish uchun PSR usuli standart sifatida taklif qilingan. Maʼlumki, PSR diagnostika tahlilini amalga oshirish uchun dastlab COVID-19 koronavirus RNK sini ajratib olish talab etiladi. Joriy yil 15-mart kuni ilk bor Oʼzbekiston hududida SARS-CoV-2 virusi aniqlangandan soʼng, OʼzR FА Oʼsimlik moddalari kimyosi instituti xodimlari ham COVID-2019 RNK sini ajratishga moʼljallangan diagnostik toʼplam ishlab chiqish ustida tadqiqotlarini boshladi va qisqa vaqt oraligʼida ushbu toʼplamlar ishlab chiqildi.

Ushbu diagnostik toʼplamning klinik sinovlari Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi laboratoriyalarida, shu jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining maxsus laboratoriyasida oʼtkazildi va ijobiy natijalarni koʼrsatdi. SARS-CoV-2 virusi RNK sini ajratishga moʼljallab ishlab chiqilgan ushbu toʼplam dunyoda ishlab chiqariladigan analoglari bilan taqqoslanganda sezgirligi, oʼziga xosligi, ayniqsa, kam vaqt talab qilishi (1 soat), qulayligi va arzonligi (kamida 30% ga arzonroq) kabi ustunliklarga ega. Ushbu toʼplam Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi” DUK tashkilotida “ENKOR” nomi bilan roʼyxatdan oʼtkazildi va seriyali ishlab chiqarish uchun ruxsat berildi. Bundan tashqari, ushbu toʼplam yordamida gepatit V, gepatit C, odam immun tanqisligi virusi (VICh) RNK/DNKsini ajratish mumkin.

Ishlab chiqilgan diagnostik toʼplamlar mamlakatimizga xorijdan keltiriladigan narxdagi toʼplamlarning oʼrnini bosishga imkoniyat yaratadi. Institut yuqorida keltirilgan toʼplamlarni Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan talab boʼlsa, kerakli miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!