O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O'zR Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari faoliyati va ilmiy salohiyatini tanqidiy tahlil qilgan holda akademik ilm-fanni yanada rivojlantirish, ilm-fan, iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy tashkilotlarning tadqiqotlarni o'tkazish tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan ilmiy tashkilotlar rahbar va yordamchi xodimlarning ayrim toiflari mehnatini rag'batlantirishga qaratilgan 366-sonli Qarori qabul qilindi.
Unga ko'ra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq to'lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplashni O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshirish, boshqaruv xodimlari va ayrim yordamchi xodimlarning ish haqi miqdorini ularning egallab turgan lavozimi va faoliyat sohasidan kelib chiqib o'rtacha 130 foizga tabaqalashtirilgan miqdorda oshiriladi.
Shuningdek, Qarorga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur bo'lgan ilmiy laboratoriya uskunalari ro'yxati Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, sotib olish xarajatlari O'zbekiston Respublikasi Ilm-fan va ta'lim-tarbiyani rivojlantirish "Ziyo Forum" fondi mablag'lari hisobiga qoplanishi belgilab qo'yildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respyblikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti hamda Bioorganik kimyo institytida faoliyat yuritayotgan noyob obyektlarning shtat birliklarini maqbullashtirish evaziga ushbu institutlar huzurida har biri 8 ta shtat birligidan iborat yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan Ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari tashkil qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2020-yil 1-sentabrdan boshlab O'zR FA O'zbekiston tarixi davlat muzeyi va uning "Toshkent muzeyi" filiali rahbar va ilmiy xodimlarining ish haqini Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari rahbar va ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.
Ushbu qarorning qabul qilinishi mamlakatimizda ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan g'amxo'rlikning yana bir namunasi bo'ldi.