Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Fan-ta’lim integratsiyasi: Botanika instituti olimlarining navbatdagi ilmiy-o‘quv seminari Chirchiq davlat pedagogika universitetida tashkil qilindi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari ilm-fan sohasidagi erishilayotgan so‘ngi yutuqlar, yangiliklar, zamonaviy metodlarni ommaviy axborot vositalari, talabalar, magistrantlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va boshqa qiziquvchilarga o‘z vaqtida yetkazib kelmoqda. Jumladan, Chirchiq davlat pedagogika universiteti Tabiiy fanlar fakultetida tashkil qilingan navbatdagi ilmiy-o‘quv seminarda O‘zbekiston florasi laboratoriyasi mudiri akademik K.Sh.Tojibayev qatnashdi.

 

 

 

Akademik K.Sh.Tojibayev “O‘simliklar xilma-xilligini to‘r tizimli xaritalash -O‘zbekiston tajribasi” mavzusida o‘tkazgan ma’ruzasida O‘zbekistonning botanik-geografik rayonlarida o‘simliklar xilma-xilligini to‘r tizimli xaritalash bo‘yicha erishilgan natijalar, O‘zbekiston va O‘rta Osiyo florasini o‘rganilishi, O‘zbekiston tabiiy florasining elektron ma՚lumotlar bazasini yaratish, O‘zbekiston florasida tarqalgan o‘simliklarning tur tarkibini zamonaviy metodlardan foydalanib shakllantirish yo‘nalishida bajarilayotgan keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar va ularning afzalliklari haqida ma’lumot berdi.

 

Shuningdek, akad. K.Sh. Tojibayev o‘z ma’ruzasi davomida O‘zbekistonda Botanika fanining rivojlanishi uchun ustuvor vazifalarni sanab o‘tdi hamda bakalavriat, magistratura va doktorantura talabalari uchun tadqiqot mavzulari bo‘yicha tavsiyalar aytdi.

 

 

Chirchiq davlat pedagogika universiteti Tabiiy fanlar fakulteti dekani A.Raximov O‘zR FA Botanika instituti jamoasiga minnatdorchilik bildirib, o‘simliklarni o‘rganish, biologik xilma-xillikning saqlash muhimligini ta’kidladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!