Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Falanga yoki solpuga nima?


Falanga yoki solpuga (Solifugae) Arachnida turkumiga mansub bo‘lib, nisbatan yirik o‘rgimchaksimonlarga kiradi. O‘rta Osiyo falangasining tana uzunligi 5-7 sm ni tashkil etadi. Tanasi va bo‘g‘imlari uzun tuklar bilan qoplangan. Dunyoda ularning 1000 ga yaqin turi aniqlangan. Turli xalq vakillari falangalarga soatiga 2 km/s. tezlikda harakatlanganligi sababli, xilma-xil nom bergan, masalan “Shamol chayoni”.

Barcha falangalar serharakat bo‘lib, ular asosan tunda faol bo‘ladi. Falangalar yirtqich hasharotxo‘r hisoblanib, termitlar, arilar, qo‘ng‘izlar va boshqa mayda bo‘g‘imoyoqlilar bilan oziqlanadi, shuningdek, yirikroq hayvonlardan kaltakesaklar bilan ham oziqlanadi.

Falangalar quruq va cho‘l muhitlarini hush ko‘radi. Shuning uchun ular dunyoning eng yirik cho‘llarida uchraydi. Ajablanarlisi shundaki, falangalar Avtraliyada deyarli uchramaydi.

Urg‘ochi falangalar maxsus qazilgan chuqurlikka 30 dan 200 tagacha tuxum qo‘yadi. Yosh falangalar 2-3 haftadan keyin tuxumdan chiqadi.

Falangalarning chaqishi kamdan kam holatlarda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yirik falangalar inson terisini chaqishi natijasida qon zaharlanishi mumkin. Mabodo falanga chaqsa, darhol birinchi yordam sifatida chaqilgan joyni antiseptik bilan tozalash, ya’ni– perekis, zelyonka, yod yoki spirt bilan yuvish kerak. Agarda yara bitmasa, antibiotik qabul qilish lozim.

Bu yil bahor faslida yog‘ingarchilik me’yoridan ortiq bo‘lishi sababli falangalar oziqa zahirasining mo‘l bo‘lishi natijasida ularning soni aholi uy-joylarida ortib ketdi. Aholi uy-joylarida falangalarning ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oldini olish va qarshi kurashish yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirish lozim:

  1. Fizik-mexanik usulda falangalarni yo‘qotish, shuningdek, ular o‘ta olmaydigan to‘siqlar, masalan solyarka yonilg‘isidan to‘siq sifatida foydalanib surtib quyish. 
  2. Aholi uy-joylarida falangalarga qarshi kurashishda - Sumi Alfa, Dez, Palach, Dixlofos kabi kimyoviy preparatlarni o‘rtacha 2g/l miqdorida, falangalarga ko‘paygan joyga 3 metr radiusda purkaladi. Ochiq yer maydonlarida esa, Bi -58 kimyoviy preparati tavsiya qilingan miqdorda qo‘llaniladi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!