Bugun Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari Olimlarining V- Forumi o‘z ishini boshladi. Mazkur muhim xalqaro forumda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibi G‘ayrat Bahodirov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Ushbu delegatsiya tarkibida Fizika-texnika instituti direktori Husniddin Olimov, Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Bo‘riyev, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori muovini Maqsud Asadov, Seysmologiya instituti direktori muovini Ilhom Alimuxamedovlar qatnashmoqda. Mazkur MDH davlatlari Olimlarining muhim forumida Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Belarus, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Armaniston, Turkmaniston delegatsiyalari vakillari Fundamental hamda texnika fanlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini, MDH davlatlari Olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kuchaytirish hamda kengaytirish yo‘llarini muhokama qiladilar. Xalqaro forumning birinchi kunida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti hamda Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining S.U. Umarov nomidagi Fizika-texnika instituti o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik shartnomasi imzolandi.