O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo’limida bugungi kunda o‘n bir nafar tayanch doktorant ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ulardan biri – ikkinchi kurs tayanch doktoranti Akbarjon Jumayev “Tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlari konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslash” mavzusida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun muddatdan oldin dissertasiyasini himoya qilish arafasida.
A.Jumayev tomonidan ilmiy izlanishlar va amaliy tadqiqot asosida tasmali konveyer tarkibiy qismlari konstruksiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Markaziy kon boshqarmasining Muruntov karyerida ishlab chiqarishga joriy etildi.
Bugungi kungacha olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmda dumalash podshipnigi o‘rniga sirpanuvchi tayanch vazifasini bajaruvchi detal qo‘llanilganda mexanizm mexanik shkastlanishi 5,6 foizgacha va tashqi ta'sir natijasida shkastlanish 4,99 foizgacha kamaydi. Tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlarning aylanishiga qarshilik koeffisientini aniqlash bo‘yicha mavjud tavsiyalar bilan taqqoslash natijasida mexanizm aylanishiga qarshilikning hisoblangan kuchi ish haroratiga qarab 1,9-2,7 martaga kamayadi. Buning natijasida tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlarining ekspluatasion samaradorligini 25-30 foizgacha oshirish imkonini beradi.