Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash bo'yicha Prezident Qarori qabul qilindi


Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy taxallusi ostida ijod qilgan o'zbek adabiyotining eng yirik namoyondasi.

Alisher Navoiy butun hayoti davomida ilm, fan, san'at rivojiga homiylik qilgan, tinchlik va totuvlikni ta'minlashga harakat qilgan buyuk shaxs. Uning adabiy merosi nafaqat o'zbek, balki butun dunyo adabiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Har yili an'anaviy ravishda 9-fevral shoir tug'ilgan sana munosabati bilan adabiy tadbirlar, she'rxonlik va badiiy kechalar tashkil etiladi.

2021-yilda ham shoir tavalludini keng nishonlash yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan  Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish hamda Alisher Navoiy ordenini ta'sis etish belgilandi.

Shuningdek, Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g'oyalarning jahon tamaddunida tutgan o'rni hamda o'sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulug' shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ'ib etish maqsadida qator davlat tashkilotlari zimmasiga vazifalar yuklandi.

Jumladan, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat bojxona qo'mitasi hamkorlikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo'lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini ko'rish, Fanlar akademiyasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2020-2021-yillar davomida Alisher Navoiyning qo'lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshirish, 2021-yilda “Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi” rukni ostida shoir asarlari, uning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy va ommabop kitoblar turkumini chop etish, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Fanlar akademiyasiga 2021 yil oxiriga qadar O'zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo'yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasini yaratish, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorlikda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag'ishlangan tadbirlar tashkil etish, chet elda istiqomat qilayotgan o'zbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilish, nashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini o'tkazish bo'yicha tizimli ishlarni amalga oshirish choralarini ko'rish bo'yicha aniq vazifalar berildi.

Bundan tashqari, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosini to'liq rekonstruktsiya qilish, yangi zamonaviy ekspozitsiya yaratish, zarur texnik va ashyoviy jihozlar bilan ta'minlash uchun kerakli mablag'lar ajratish choralarini ko'rsin hamda 2021-yil oktyabrga qadar ta'mirlash ishlarini yakuniga yetkazish belgilandi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!