2022-yilning 3-4-mart kunlari O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Buyuk Ipak Yo‘lining umumiy merosi qo‘shma ko‘rgazmasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhning IV uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shma ko‘rgazma Yevropa Ittifoqi va YuNESKOning “Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro aspektlari” nomli loyihasi doirasida tashkil etildi.
YuNЕSKO va Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda Qozog’iston, Qirg’iziston va Eron Islom Respublikasi Milliy muzeylaridan tashrif buyurgan san’atshunos va tarixchi olimlar, xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Umumiy madaniy meros ko‘rgazma loyihasining maqsadi – moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish salohiyatini oshirish; Ipak yo‘li bo‘ylab umumiy madaniy meros haqidagi axborotlarni oshirish va targ‘ib qilish; merosdan barqaror rivojlanish uchun asos sifatida foydalanish, shu jumladan madaniy meros ob’ektlari asosida turizmni rivojlantirish va Ipak yo‘li umumiy merosini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik sifatida umumiy tushunishni rag‘batlantirishga qaratilgan.