Bugun, 22-mart matematik, astronom, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida tarixda nom qoldirgan buyuk davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 631 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridagi Akadem shaharchada joylashgan Mirzo Ulug'bek haykali oldida tantanali tadbir bo'lib o'tdi.
Unda Fanlar akademiyasi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni FA prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi va Mirzo Ulug'bekning ilm-fanda tutgan o'rni, buyuk merosi va uning ahamiyati haqida gapirib, bugungi ayyom bilan barchani qutladi. Shundan so'ng, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri o'rinbosari Otabek Mahkamov so'zga chiqib, davlat arbobining ilmiy asarlari ahamiyati, "Mirzo Ulug'bek vorislari" tanlovi haqida gapirdi.
Shuningdek, "Mirzo Ulug'bek vorislari" tanlovi g'oliblari ham so'zga chiqdi.
Tadbir so'nggida davlat arbobi, buyuk bobomiz Mirzo Ulug'bekka hurmat ramzi sifatida uning haykali poyiga guldastalar qo'yildi.