Joriy yil 20-iyun kuni O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ko‘rgazmalar zalida Xitoy Xalq Respublikasi Loyan shahri muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazma shunday nomlandi.
Ko‘rgazmada qadimgi Xitoyning Tan sulolasi hukmronligi davrida Dinyun provinsiyasi bosh qo‘mondoni general An Pu va uning rafiqasi maqbarasidan topilgan, umumiy sug‘urta narxi 3 mln AQSh dollariga teng 75 ta eksponat namoyish etildi. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan qadimgi Rim oltin tangalari, sopol idishlar, qadimgi So‘g‘d madaniyati xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan ajoyib tayyorlanish uslubiga ega sopol haykallar, qabr-qo‘riqchi – jonivorlar tashrifchilarda juda katta qiziqish uyg‘otdi.
General An Pu maqbarasi buyumlari jahonga mashhur bo‘lib, ushbu noyob eksponatlarni ko‘rish uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan sayyohlar Xitoyning Loyan shahri muzeyiga tashrif buyuradilar. O‘zbekiston aholisi esa mana shunday mashhur ajoyib san’at durdonalaridan bahramand bo‘lish imkoniyatga ega bo‘ldilar.
1981-yilning aprelida Lunmen Dunshan tog‘ining shimoliy qismida qurilish yer maydonini tekislash ishlari jarayonida quruvchilar General An Pu maqbarasini topishdi. Dahma eshiklari o‘yma bezakli, kulrang-ko‘kimtir rangdagi toshdan yasalgan. Qopqoqda to‘qqizta ieroglifdan iborat “Buyuk Tan sulolasining Dinyun provinsiyasi bosh qo‘mondoni General An Pu” degan yozuv mavjud. Xitoy manbalarida Buxoro hududi – An davlati, fuqarosi esa An Pu deb qayd etiladi.
O‘zbekiston va Xitoy iqtisodiy-madaniy aloqalari qadimiy tarixga ega. Bunda ayniqsa Buyuk Ipak Yo‘lining ahamiyati nihoyatda beqiyos. Miloddan avvalgi I mingyillikda qadimgi O‘zbekiston hududida Baqtriya, Sug‘diyona, Xorazm kabi davlat birlashmalari mavjud bo‘lib, bu yerda dehqonchilik, temirchilik, kulolchilik va boshqa hunarmandchilik turlari, shuningdek, savdo-sotiq taraqqiy etgan.
Qadimgi So‘g‘d davlati tarkibida bo‘lgan Buxoro bu azim savdo yo‘lidagi asosiy vositachilar biri hisoblangan. So‘g‘d savdo shaxobchalari Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab Xitoyning Sinszyan hududi, shuningdek, Loyan, Dunxuan, Lanchjou, Suchjou shaharlariga qadar yoyilgan edi.
Shu sababli juda ko‘plab buxorolik So‘g‘d savdogarlari Xitoyga ko‘chib borgan va u yerda muqim yashab qolganlar. Hatto ba’zilari qadimgi Xitoy davlatida yuqori davlat mansablarida faoliyat ko‘rsatib mamlakat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
General An Pu ana shunday tarixiy shaxslardan biri bo‘lgan. U Buxoro So‘g‘di oilasi vakili bo‘lib, taxminan milodiy 600-yilda tug‘ilgan. U Xitoyda o‘zining jasur va mardligi, yuksak harbiy salohiyati tufayli poytaxtning beshinchi darajali amaldori, so‘ngra Dinyun provinsiyasi bosh qo‘mondoni etib tayinlangan. Faoliyati davomida buyuk ishlarni amalga oshirgan General An Pu qadimgi Xitoy tarixida o‘chmas iz qoldirgan mohir sarkarda sifatida e’zozlanadi.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan eksponatlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro qadimiy tarixiy-madaniy aloqalarining aniq va yaqqol isboti bo‘lib, bu do‘stona, iqtisodiy aloqalar va do‘stlik ayniqsa Tan sulolasi hukmronligi davrida nihoyatda rivojlangan.
Ko‘rgazma 2019-yil 20-sentabrga qadar davom etadi va haftaning seshanba-yakshanka kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha namoyish etiladi.