Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Bulutli informatsion texnologiyalar” joriy qilinadi


Joriy yil 17-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga Birlashgan Yadro tadqiqotlari instituti Xalqaro davlatlararo tashkilotining (Dubna) Informatsion texnologiyalar laboratoriyasi direktori V.V.Korenkov, laboratoriyaning sektor boshligʼi E.B.Dushanov, Radiotsion biologiya laboratoriyasi direktori А.N.Bugay hamda laboratoriya direktori oʼrinbosari S.G.Аrutyuniyanlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlar Institut faoliyati bilan tanishdilar. Mehmonlarni Institutda joriy qilingan neytron qamrov terapiyasi boʼyicha qilinayotgan tadqiqotlar juda qiziqtirdi hamda Oʼzbekistonda bu sohadagi tadqiqotlar yaxshi rivojlanganligini taʼkidlashdi.

Soʼngra FА prezidenti hamda Institut rahbariyati ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda oʼzaro hamkorlik yoʼnalishlari, jumladan, “Bulutli informatsion texnologiyalari”ni joriy qilish, radiatsion biologiya yoʼnalishidagi hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. “Bulutli informatsion texnologiyalar”ni dastlab Yadro fizikasi institutida, soʼngra Fanlar akademiyasining boshqa muassasalarida joriy qilishga kelishib olindi.

“Bulutli informatsion texnologiyalar” juda katta hajmdagi maʼlumotlarni tez va ishonchli yuklab olish va joʼnatish hamda katta informatsion resurs talab qiluvchi hisoblarni bajarish imkoniyatini beradi.

Shundan soʼng, Institut jamoasi uchun seminar tashkil qilindi. Unda Informatsion texnologiyalar laboratoriyasi direktori V.V.Korenkov hamda Radiatsion biologiya laboratoriyasi direktori А.N.Bugay oʼz laboratoriyalarida oʼtkazilayotgan tadqiqotlar boʼyicha maʼruza qilishdi va oʼzaro fikr almashildi.

 

Shuningdek, mehmonlar FА Oʼsimlik moddalari kimyosi instituti va Sharqshunoslik institutida ham boʼlishdi hamda faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor ularda katta taassurot qoldirdi.

Shundan soʼng mehmonlar, FА Prezidiumi binosida ham uchrashuv tashkil etildi. Bu yerda Fanlar akademiyasida informatsion texnologiyalarning joriy qilinishi bilan tanishdilar va Birlashgan Yadro tadqiqotlari instituti hamda Fanlar akademiyasining hamkorlikdagi istiqbolli yoʼnalishlari, shuningdek, kadrlar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda bir guruh yosh olimlar Birlashgan Yadro tadqiqotlari institutiga (Dubna shahriga) 6 oylik malaka oshirish kurslariga joʼnatilgan.

18-may kuni delegatsiya Materialshunoslik institutiga tashrif buyurdi va Institut faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida Institut rahbariyati bilan uchrashib, mazkur muassasada ham “Bulutli informatsion texnologiyalar”ni joriy qilishga kelishib olindi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!