Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bugun tug'ilgan kun! O'zR FA Milliy arxeologiya markazi direktori, tarix fanlari doktori Farhod Maqsudov


O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori, tarix fanlari doktori (2020) Farhod Alijonovich Maqsudov 1972-yil 14-dekabrda Andijon viloyati Marhamat tumanida ziyoli oilasida tug'ilgan. 1991-yilda Farg’ona davlat universitetining Tarix fakultetiga o'qishga kirib, uni 1996-yilda tugatgan.

F. Maqsudovning ilmiy faoliyati 1996-yilda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining aspiranturasiga kirishdan boshlangan va 26 yildan beri u arxeolog sifatida Farg’ona vodiysida sug’orma dehqonchilik madaniyatining paydo bo’lishi, shahar madaniyati,  ko’chmanchilarning o’rnashuv ekologiyasi, Ustrushonaning o’rta asrlar davri ko’chmanchi madaniyatini tadqiq etishda zamonaviy tabiiy fanlar uslublarini joriy etish borasida samarali faoliyat olib bormoqda. Olimning ilmiy ishlari mazkur ko’p yillik izlanishlarning natijasi sanaladi.

Tarix fanlari doktori F. Maqsudov, nafaqat respublikamizda, balki chet ellarda ham ko’zga ko’ringan olim bo’lib, o'zining tadqiqot ishlarini dunyoning nufuzli ilmiy muassasalari professorlari bilan hamkorlikda davom ettirmoqda. Shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ustida ishlamoqda va o’zbek ilm-fani ravnaqi yo’lida mehnat qilmoqda.

F. Maqsudov hozirda Milliy arxeologiya markazida tahsil olayotgan ko’plab tayanch doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda. U 2 ta monografiya va 60 dan ortiq ilmiy ishlar muallifidir. Nufuzli chet el ilmiy jurnallarida uning 15 dan ortiq maqolalari chop ettirilgan.

F. Maqsudov fan sohasidagi ko'p yillik mehnati uchun 2019-yilning 1-sentabrida “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Farhod Maqsudovni bugungi tavallud ayyomi, 50 yoshga to’lishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Milliy arxeologiya markazi jamoasi, shogirdlari nomidan muborakbod etamiz! Ilm atalmish bu mashaqqatli, shu bilan birga sharafli yo’lda yana uzoq yillar metinlik bilan o’z hissalarini qo’shishda, mamlakatimiz ilm-fani kelajagi bo’lgan yoshlarga ilm ziyosini taratishda charchamasliklarini tilab qolamiz!

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!