Taniqli muhandis-gidroenergetik-elektromexanik olim, O‘zR FA akademigi Allayev Qahramon Raximovich 1945-yil 26-avgustda Xorazm viloyatida tavallud topgan.
1969-yilda Moskva energetika institutining muhandis-gidroenergetik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
U 120 dan ortiq ilmiy maqolalar, 9 monografiya, 3 darslik va 6 patent muallifi.
Q.Allayev elektroenergetika sohasi bo‘yicha yirik olim. Uning ilmiy izlanishlari energetika turg‘unligini, ishonchliligini saqlash, boshqarish, optimallash yo‘nalishiga bag‘ishlangan. Olingan natijalar Chorvoq GES va nasos stansiyalarining ishonchliligini va stansiya berayotgan quvvatni oshirish imkonini bergan.
Q.Allayev ilmiy rahbarligida 5 nafar fan doktori, 10 nafar fan nomzodi tayyorlangan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining amaldagi ijrosini ta’minlash borasida energetika sohasi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarining ilmiy, ilmiy-uslubiy hamkorligi seminarlarini tashkil etgan va ularning faoliyatiga rahbarlik qilmoqda.
Q.Allayev Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi doktorlik (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengash raisi, Respublika miqyosida chop etilayotgan “Energiya va resurs tejash muammolari” jurnalining mas’ul muharriri vazifalarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Q.Allayev nufuzli bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo va Tinch okean hududi bo‘yicha energiya samaradorligi Komissiyasi (ESCAP) a’zosi bo‘lib kelmoqda.
Q.Allayev ToshDTUda tashkil etilgan “Energotejash texnologiyalari, tekshiruv-o‘lchash va avtomatlashtirilgan tizimlar” ilmiy laboratoriyasi tashkilotchisi va ilmiy rahbari.
1999-yilda Q.Allayev oliy ta’lim sohasidagi faoliyati uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi – akademik etib saylangan.
2019-yili O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirishda qo’shgan hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Akademik Qahramon Rahimovichni bugungi tavallud ayyomi bilan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan muborakbod etamiz. Ilm atalmish bu mashaqqatli yo’lda yana uzoq yillar sobitqadamlik bilan mamlakatimiz ilm-fani rivojida o’z hissalarini qo’shishda, yoshlarga ilm ziyosini taratishda charchamasliklarini tilab qolamiz!