Dunyo tan olgan yetuk matematik olim, Butunjahon Fanlar akademiyasi akademigi (TWAS), O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi, O‘zR FA Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Abdullayevich Ayupov 1952-yil 14-sentyabr kuni Toshkent shahrida tavallud topgan.
Shavkat Ayupov Toshkent davlat universiteti (O’zMU)ning matematika fakultetini tugatgan (1974). So’ngra Toshkent davlat universitetida o‘qituvchi (1977-79), O‘zR FA Matematika institutida katta ilmiy xodim (1979-88), algebra va analiz bo‘limi mudiri (1986-92), direktor (1992-97), 1997-2003-yillardanO‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Asosiy ilmiy ishlari funksional analiz va uning zamonaviy tarmoqlaridan biri hisoblangan operatorlar algebralari nazariyasiga oid.
Matematik olim Shavkat Ayupov 1980-yilda Amerika matematika jamiyati a’zosi, 1995-yilda O‘zR FA haqiqiy a’zosi (akademik) etib saylandi.
1996-yilda “Shuhrat” medali, 2003-yilda “Mexnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. 2008-yilda Mongoliya Fanlar akademiyasi a’zosi etib saylandi. Shuningdek, Sh.Ayupov Abdus Salom nomidagi Xalqaro Nazariy fizika markazi (ICTP) (Triyest, Italiya) va Turk dunyosi Matematika jamiyatining ilmiy jamg‘arma boshqarmasi a’zosi hamdir.
U 2011-yilda davlatimizning yuksak mukofoti “O‘zbekiston Respublikasi Fan Arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Sh.Аyupovning ilmiy rahbarligida 10 ta fan doktori va 42 ta fan nomzodi tayyorlangan.
Akademik Shavkat Abdullayevichni bugungi tavallud ayyomi bilan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan tabriklaymiz.
Ilm atalmish bu mashaqqatli yo’lda yana uzoq yillar sobitqadamlik bilan mamlakatimiz ilm-fani rivojida o’z hissalarini qo’shishda, yoshlarga ilm ziyosini taratishda charchamasliklarini tilab qolamiz!