Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Botanika sohasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo’lib to’liq ingliz tilida chop etiluvchi jurnal nashri yo’lga qo’yildi


O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti 2022-yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo’lib botanika sohasidagi to’liq ingliz tilida chop etiluvchi “Plant Diversity of Central Asia” (PDCA) jurnalini nashr etishni yo’lga qo’ydi.

Ushbu jurnal Markaziy Osiyo hududidagi barcha o’simliklarning (suvo’tlar, yo’sinlar va zamburug’lar ham bundan mustasno emas) taksonomiyasi, biogeografiyasi, evolyutsiyasi, filogeniyasi, muhofazasi va shu kabi yo’nalishlardagi tadqiqotlarni nashr etuvchi xalqaro jurnal hisoblanadi. Yuqoridagilarga qo'shimcha ravishda, o’simliklar polulyatsiyasi, o’simlik jamoalari sistematikasi, hayvon-o’simlik munosabatlari kabi yo’nalishlardagi ilmiy izlanish natijalari bayon etilgan maqolalar ham jurnal uchun qabul qilinadi va nashrga tayyorlanadi.

Jurnalning bosh muharriri professor Sergei Volis (Scopusda maqolalari soni 91 ta, h-indeksi 22). Professor o’zining muharrirlik faoliyatini ilgari bir qancha jurnallarda, xususan, “Plant Diversity” (Xitoy), (2021-yildagi impakt faktori - 2.528);  “Plos ONE” (AQSH) (2021-yildagi impakt faktori – 3.04) jurnallarida olib borgan. Yordamchi muharrir sifatida jurnalda yana 22 nafar muharrirlar mavjud bo’lib, ular Amerika Qo’shma Shtatlari (Garvard universiteti), Yaponiya (Niigata universiteti), Rossiya (Moskva va Altay davlat universitetlari), Xitoy (Kunming Botanika instituti), Ispaniya (Pireney ekologiya instituti), Polsha (Yagellon va Opole universitetlari) va Janubiy Koreya (Changvon va Kongju universitetlari) kabi dunyoning 13 ta yetakchi mamlakatlarining ilmiy salohiyati yuqori bo’lgan olimlari hisoblanadi. Jurnalning birinchi nashri 2022-yil yanvar oyida chop etildi. Nashr uchun qabul qilingan barcha maqolalar muharrirlar taqrizidan o'tgach, jurnalning rasmiy web sahifasi (www.pdca.uz) orqali ommaga taqdim etib boriladi. Barcha ilmiy maqolalar xalqaro jurnal standartlariga mos bo’lib, www.doi.org registratsiya agentligidan ro’yxatdan o’tgan doimiy raqamli obyekt identifikatorlariga (DOI) ega. Jurnal №1192, 22-06-2021 raqamli guvohnoma bilan davlat ro’yhatidan o’tkazilgan bo’lib, shuningdek bosma (ISSN 2181-239X) va onlayn (ISSN 2181-2403) nashrlar uchun maxsus o’z Xalqaro standard seriya raqamlariga (ISSN) ega.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!