Xalqaro ilmiy seminarlarda faol qatnashish turli mamlakatlardagi ilmiy xodimlar bilan tajriba almashishda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ahamiyati katta. Shuningdek, tadqiqotlarni keng ilmiy auditoriyaga taqdim etish, o‘z sohalaridagi eng so‘nggi yutuqlar va metodologiyalarni yanada chuqur anglashga imkon beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti yosh olimlari N.E. Daminova, I.J. Joʻramuradov, A.T. Sultamuratov va B.A. Karimovlar Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida boʻlib oʻtayotgan “International Seminar on Biodiversity Studies at the Varzob Mountain Botanical Station” mavzudagi xalqaro ilmiy seminarda qiziqarli ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etishmoqda.
Ishtirokchilarning har biri o‘z tadqiqoti natijalari bilan o‘rtoqlashgan holda dolzarb ilmiy ma’ruzalar bilan chiqishdi. PhD N.Daminova O‘zbekiston dendroflorasi va uning ekotizim uchun ahamiyati haqida, PhD I.J. Jo‘ramuradov Hedysarum turkumi turlari haqida, Vojrojdeniya orolining flora va oʻsimliklar qoplami bo‘yicha A.Sultamuratov gapirib, ushbu maxsus ekotizim haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. B.Karimov esa Cousinia turkumi filogeniyasi va ularning o‘simliklar evolyutsiyasini tushunishdagi ahamiyati haqidagi so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishtirdi.
Dushanbe shahrida boʻlib oʻtayotgan xalqaro ilmiy seminar Botanika instituti yosh olimlari uchun ham har yili davom etadigan muhim voqea hisoblanadi. Ularning ishtiroki nafaqat O‘zbekistonda ilm-fan rivojiga xizmat qilmoqda, balki xalqaro ilmiy aloqalar mustahkamlamoqda. Olimlarimizga omad tilab, ilmiy faoliyatlarida yanada muvaffaqiyatli marralarni tilaymiz.