Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Botanika instituti olimlari CITES va IUCN delegatsiyalari vakillari bilan muzokaralar o’tkazdi


Toshkent shahridagi Central Asian Expo (CAEx) ko‘rgazmalar majmuasida ilk bor tashkil etilayotgan "Eco Expo Central Asia 2025" ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etayotgan Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari xorijiy davlatlarning bir qator xalqaro tashkilotlari delegatsiyalari bilan muzokaralar o’tkazdi.

 

Jumladan, tadbirlar doirasida “Yo'qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to’g’risidagi konvensiya (CITES) Bosh kotibi Ivonn Iguero, CITES konvensiyasining Boshqaruv organlari va a'zo davlatlar bilan ishlash bo'yicha boshlig'i Okusu Nukaro va Dasturlar va hujjatlashtirish bo'yicha vakil Nelen Gandois bilan O’zbekistonda yo'qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi o‘simlik turlarining CITES ro’yxatiga kiritish, o'simliklar namunalarining xalqaro savdosi turlarning saqlanib qolishiga tahdid solmasligini ta'minlashdagi o’zaro harakatlarni muvofiqlashtirish borasida muzokaralar o’tkazildi. 

Yovvoyi hayvonlar va o'simliklar savdosi mamlakatlar o'rtasidagi chegaralarni kesib o'tganligi sababli, uni tartibga solish harakatlari ayrim turlarni haddan tashqari ekspluatatsiya qilishdan himoya qilish uchun xalqaro hamkorlikni talab qiladi. CITES va Botanika institutining bugungi uchrashuvi mazkur masalalarda o’zaro hamkorlikni yo’lga qo’yishga bag’ishlandi. 

Tadbirlar doirasida IUCN ning Markaziy Osiyodagi regional ofisi kordinatori Dmitriy Gorshkov bilan O’zbekistonda tabiatni muhofaza qilish bo'yicha loyihalar portfelini shakllantirish va bu borada IUCN va Botanika instituti hamkorligini kuchaytirish borasida muzokaralar o’tkazildi. 
"Eco Expo Central Asia 2025" nafaqat ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasi balki turli tashkilotlar o’rtasida muzokaralar platformasiga ham aylandi. Bu tadbir nafaqat O’zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim bosqichni boshlab berdi. Ko’rgazmada 30 dan ziyod davlat, 3000 ga yaqin ishtirokchi va 40 dan ortiq rasmiy mehmon qatnashmoqda. Mazkur tadbirlarning maqsadi bitta: tabiat bilan munosabatni o’zgartirish bu nafaqat davlatlar, balki har bir inson zimmasidagi mas’uliyatdir.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!