Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Birinchi o‘zbek arxeolog – tadqiqotchisi, akademik Yahyo G‘ulomov


1-may – Birinchi o‘zbek arxeolog – tadqiqotchisi, akademik Yahyo G‘ulomov tavallud topgan kun. (1908-yil, 113 yoshda).       
Yahyo G‘ulomov 1908-yil 1-may kuni Toshkent shahrida joylashgan Shayxontohur dahasining Oqmachit mahallasida mudarris oilasida  tug‘ilgan. Otasi G‘ulomxon qadim Shoshdagi mashhur Xo‘ja Аhror madrasasida mudarrislik qilgan, onasi Soraxon esa mahalladagi maktabda qizlarga harf o‘rgatib, saboq berardi. Aynan ushbu oilaviy muhit olimning kelajakda dunyo ilmiga hissa qo‘shishida zamin yaratdi. 
Samarqandda joylashgan O‘zbekiston pedagogika akademiyasining ijtimoiy – iqtisod bo‘limini tamomlagan (1930-yil) Yahyo G‘ulomov ilmiy faoliyatini 1933-yildan boshlagan.
FA Tarix, til va adabiyot instituti arxeologiya bo‘limi mudiri lavozimida (1940-1943-yillar) ishlagan olim 1943-yildan Tarix va arxeologiya instituti qadimgi va o‘rta asrlar tarixi bo‘limi mudiri etib tayinlanadi. 1956-1959-yillar davomida mazkur institut direktori vazifasini ham bajargan. Nomzodlik ishi (1943-yil) “Xiva va uning yodgorliklari” mavzusida bo‘lgan bo‘lsa, 1950-yil “Qadimgi davrdan hozirgi kungacha Xorazm qurg‘oqchiligi tarixi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoyalagan.

Yahyo Gʻulomovich Gʻulomov erishgan ilmiy darajalari va yutuqlari:
1950-yilda tarix fanlari doktori;
1955-yilda professor;
1958-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi;
1966-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi;
2002-yil (vafotidan so‘ng) “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
4 jilddan iborat "Oʻzbekiston tarixi", 2 jildli "Samarqand tarixi" va  "Buxoro tarixi" asarlarining asosiy mualliflaridan hisoblangan Yahyo G‘ulomov  "Xiva shahrining yodgorliklari", "Quyi Zarafshon vodiysida ibtidoiy madaniyat va sug‘orma dehqonchilikning paydo boʻlishi" kabi bir qancha asarlar muallifi hisoblanadi. Shuningdek Yahyo G‘ulomov boshqa  mahalliy tarixchi olimlar bilan birgalikda, hammualliflikda  bir nechta buyuk, boy tariximizga oid asarlar ham yozgan.
    

O‘z R FA Tarix instituti stajyor – tadqiqotchisi Zavqibek Mahmudov.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!