Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Birinchi laboratoriya jihozlari olib kelindi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi PQ-3059-sonli qarorining 11-bandida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DKga Navoiy shahri, Me'morlar ko‘chasi, 2-uy manzili bo‘yicha joylashgan binoni Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish va joylashtirish uchun uni kapital ta'mirlash vazifasi yuklatilgan edi. Ta'mirlash ishlari yuqori darajada bajarilgan. Yaqinda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ilmiy-texnikaviy sohada har ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida FA Navoiy bo‘limining ilmiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 7 ming AQSh dollari miqdorida beg‘araz yordam ajratdi. Mablag‘lar laboratoriya jihozlari, boshqa zarur asbob-uskunalar hamda laboratoriya mebellarini xarid qilish uchun ishlatildi.

Keltirilgan laboratoriya uskuna va jihozlari orasida ionomer, portativ rN metr, analitik tarozi, spektrofotometr, elektr plita, suv hammomi, distillyator, konduktomer, turli o‘lchamdagi elaklar, binokulyar mikroskop, qurituvchi shkaf, laboratoriya idishlari, maxsus jihozlangan stollar, idishlarni saqlashga mo‘ljallangan shkaflar kabi tahlillar o‘tkazishga zarur jihozlar mavjud.

Ushbu laboratoriya suv va tuproq tarkibini kimyoviy va mexanik jihadan tahlil qilish uchun mo‘ljallangan. Bu o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan yerlar tuproqlarida kimyoviy tahlillar o‘tkazish orqali sho‘rlanish darajasini aniqlash, mexanik tarkibi, tuproq nam sig‘imi kabi ko‘rsatkichlarini hisobga olib, meliorativ va agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri belgilash va ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, tahlil qilingan tuproq haqidagi mavjud ma'lumotlar asosida tegishli tarzda mutaxassislar olib boriladigan izlanishlarga jalb etiladilar. Sharoitga mos holda tuproq tegishli makro- va mikroelementlar bilan boyitiladi yoki ularning muvozanati shakllantiriladi, tuproq namligini saqlash yoki kamaytirish texnologiyalari ishlab chiqiladi.

Laboratoriyaning tashkil etilishi Navoiy bo‘limida tahsil olayotgan doktorantlar va ilmiy xodimlarning tadqiqotlarida bajariladigan laboratoriya ishlarini olib borishga, olimlarga esa yangi loyihalar, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida, bajarishga katta imkoniyat yaratildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!