O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi direktori Oliver Avramoski hamda loyiha menedjeri Lyubov Timofeeva tashrif buyurdi. Mehmonlarni FA vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova kutib oldi. Uchrashuvda FA Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev hamda Zoologiya instituti ilmiy xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi direktori Oliver Avramoski Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochishni va Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash istagini bildirdi. O‘z o‘rnida Fanlar akademiyasi ham birgalikda ilmiy loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, xususan, tabiatni muhofaza qilish loyihalarini mahalliylashtirish, milliy va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar va bilim almashinuvi, moliyaviy va texnik yordam masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashkilot bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash Qizil kitobni takomillashtirish va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, O‘zbekistondagi xavf ostidagi turlarni aniqlash va ularni xalqaro miqyosda tan olish uchun IUCN Qizil Ro‘yxat standartlariga muvofiqlikni ta'minlash, IUCNning innovatsion yechimlarini, jumladan, tabiiy asoslangan yechimlarni (Nature-based Solutions) joriy qilish orqali O‘zbekistonda cho‘llanishni sekinlashtirish va degradatsiya bo‘lgan yerlarda tiklanishni ta’minlash, tashkilotning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ilg‘or strategiyalari va resurslaridan foydalangan holda, O‘zbekiston hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhit barqarorligini ta’minlashga imkon beradi.
Ma’lumot o‘rnida: IUCN (International Union for Conservation of Nature – Tabiatni Muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqi) tabiatni asrash va barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biridir. U 1948-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 160 dan ortiq mamlakatdan 1400 dan ziyod davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar va ilmiy muassasalarni birlashtiradi.
IUCNning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
1. Tabiatni muhofaza qilish
2. Ilmiy tadqiqot va monitoring
3. Barqaror rivojlanish
4. Siyosat ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash
5. Ta'lim va ko‘nikmalarni rivojlantirish
6. Hamkorlik tarmog‘i
IUCN faoliyati dunyo miqyosida atrof-muhitni asrashga oid qator yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda hali ham ko‘p ishlar qilinishi lozim. Tabiatni muhofaza qilishda har bir insonning hissasi muhimdir.