Venada ilk marta O‘zbekiston Fanlar akademiyasi (O‘zR FА) va Аvstriya Fanlar akademiyasi (ÖAW) hamkorligida “Biotibbiyot: Chegaralarsiz fan” mavzusida ilk bor satellit simpozium o‘tkazildi. Bu tadbir tarixiy ahamiyatga ega, chunki ilk bor ikki mamlakat fanlar akademiyalari o‘zaro hamkorlikda yirik xalqaro simpoziumni amalga oshirdi. Unda ikki mamlakatdan yetakchi olimlar, tibbiyot markazlari, universitetlar va sanoat vakillari ishtirok etdi. Simpoziumga O‘zbekiston tomonidan O‘zR FA vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova raislik qildi.
Tadbir O‘zbekiston va Аvstriya olimlari o‘rtasida biotibbiyot sohasidagi ilmiy almashinuvni kuchaytirish, genomika va immunologiya, regenerativ tibbiyot hamda АT-asosli diagnostika bo‘yicha so‘nggi yutuqlarni muhokama qilish, qo‘shma loyihalar va grant imkoniyatlarini belgilab olishga qaratildi. Simpoziumni O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Baxtiyor Ibragimov ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Аvstriya fanlar akademiyalari nomidan qutlov so‘zlari yangradi.
“O‘zbekiston va Аvstriyaning ilmiy jamoalari o‘rtasida ilk bor shunday nufuzli hamkorlik simpoziumining o‘tkazilishi fanlar akademiyalari tarixi uchun muhim voqea bo‘ldi. Bugungi ochiq muloqot va ilmiy fikr almashinuv biz uchun yangi yo‘llar ochdi, qo‘shma loyihalar, yosh olimlar almashinuvi va innovatsion platformalar uchun asos yaratdi. Shunday nufuzli simpoziumlarda ishtirok etish nafaqat ilmiy g‘oyalar almashish, balki O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi obro‘-nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi”, — dedi O‘zR FА vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova.
Tadbir natijasida taraflar qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor mavzularni belgilab oldi, grant va fondlar doirasida moliyalash imkoniyatlarini o‘rganish, stajirovkalar, master-klass va seminarlar doirasida ishchi guruh tuzish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Simpozium materiallari va taklif etilgan yo‘l xaritasi yaqin kunlarda ikki akademiyaning masʼul bo‘linmalari tomonidan muhokamaga chiqariladi.
Simpozium natijalari O‘zbekiston va Avstriya ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi. Qo‘shma tadqiqot yo‘nalishlarining belgilanishi, yosh olimlar almashinuvi va grant dasturlarini rivojlantirish tashabbuslari ikki davlat fanlar akademiyalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Bu tarixiy tadbir nafaqat biotibbiyot sohasidagi so‘nggi ilmiy yutuqlarni muhokama qilish, balki O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi mavqei va hamkorlik salohiyatini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.