袗krilamid ko始p tonnali poliakrilamid va akril kislotasining har xil polimerlarini hamda sopolimerlarini ishlab chiqarishda qimmatli monomer hisoblanadi. 袗krilamid polimerlari har tomonlama foydali bo始lgan noyob xususiyatlarga ega hamda texnika va texnologiyalarning bir qancha sohalarida (foydali qazilmalar rudalarni (uran, oltin, titan, toshko始mir, alyuminiy, temir) regeneratsiya va boyitishda flotatsiya hovuzlarida flokulyant, burg始ulash suyuqliklarining reologik xususiyatlarini va filtrlanishini barqarorlashtiruvchi hamda boshqaruvchi, neft quduqlari devorlarini va plastlarning gidravlik kesimini qotirish uchun tuproq hosil qiluvchi, tabiiy va sanoat oqava suvlarini tozalash hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash uchun flokulyant, qog始ozlarning suyuq va quruq holatlarida chidamliligini boshqaruvchi hamda ularning bosma xususiyatlarini yaxshilash uchun qo始shimcha vosita, urug始lar, insektitsidlar, gerbitsidlar va fungitsidlar uchun plyonka hosil qiluvchi, tamponlar, pamperslar, salfetkalar, tagliklar, yarani bog始lash uchun superabsorbentlar, dori vositalari uchun plyonka hosil qiluvchi va gidrogellar sifatida) ishlatiladi. O始zbekistonda akrilamid kimyoviy usul bilan «Navoiyazot» 袗J korxonasida olinadi va u texnologik, iqtisodiy va ekologik nuqtai nazardan bir qancha kamchiliklarga ega.
O始zR F袗 Mikrobiologiya institutda Rhodococcus ruber – 8/4/1 aktinobakteriya shtammining fermentativ faol hujayralari asosida «RODO袗MID» biokatalizatori ishlab chiqilgan. Shtamm-produtsentga patent olingan.

Ushbu biokatalizatorni akrilonitril biotransformatsiyasida ishlatish 99-100% toza akrilamid olish imkonini beradi. Bu biotexnologiya bir bosqichli, ekologik bezarar va energiya tejamkor hisoblanadi. Bundan tashqari, kimyoviy usulga qaraganda mahsulot tannarxini kamida 20% ga kamaytiradi. 袗krilamid va uning yuqori molekulyar massali polimerini ishlab chiqarishni yo始lga qo始yish uchun innovatsion loyiha doirasida ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda. Ushbu biotexnologiyani «Navoiyazot» 袗J korxonisida tatbiq qilish natijasida flokulyantlar ishlab chiqarish kengaytiriladi va respublikaning eksport imkoniyatlarini oshishiga hissa qo始shadi.