Mutaqillik bergan imkoniyatlar tufayli buyuk ajdodimiz, yirik faylasuf, din arbobi va adib Bahouddin Naqshband merosini oʼrganish boʼyicha juda koʼplab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1993-yilda u zot tavlludining 673 yilligi keng nishonlandi, ziyoratgohlari qayta tiklandi, obod goʼshaga aylantirildi. Yozuvchilar va shoirlar, olimlarimiz bir qancha ilmiy, badiiy asarlar yozib, ularni oʼz oʼquvchilariga yetkazishdi.
Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi, O’zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Toʼlqin Xayit uzoq yillik mehnatidan soʼng mazkur romanini kitobxonlarga taqdim etdi. Аsarda Bahouddin Naqshbandning inson maʼnaviy olamini boyitish, yurt ozodligi va obodligi yoʼlida Аmir Temur sohibqiron hazratlari bilan bir safda qadam tashlaganligi boy tarixiy, moʼtabar manbalar asosida hikoya qilinadi. Shuningdek, bu ishlarda ota-bobolarimiz, momolarimizning oʼrnini koʼrsatish maqsadida Dildorbegim kabi vatanparvarlarning qiyofalari ham oʼz aksini topgan. Shu jihatdan ham mazkur asar keng kitobxonlarimizga yaxshigina sovgʼa boʼladi, deb oʼylaymiz.