Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Axsikent – ochiq osmon ostidagi muzey


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Axsikent yodgorligi hududida  2018-yilning ikkinchi yarmidan “Ochiq osmon ostida muzey” tashkil qilish ishlari boshlab yuborilgandi. Natijada, 2019-yil fevral oyining oxirlarida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib ushbu arxeologik obyekt zamon talablariga to‘liq javob beradigan ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirildi. Bu ichki shahriston ichida joylashgan 8-obyekt bo‘lib, bu yerda turar joy, ishlab chiqarish, yer osti suv yo‘li-vodoprovod va 1,5 ming  yillik madaniy qatlamlar o‘z ifodasini topgan. 

Ushbu shahar miloddan avvalgi III-II asrlarda qurilgan bo‘lib, dastlab, qalinligi 5,5 metrli mudofaa devorlar bilan o‘rab olingan. Maydoni 50 gektardan ziyodroq joyni egallagan. Xitoy manbalarida Farg‘ona shahri nomini xitoychaga tarjima qilib “Yuan”,  vodiy nomini  esa “Da Yuan” (Katta Farg‘ona) deb, tilga oladi. Shahar topografik nuqtai nazardan 3 qismdan iborat bo‘lgan: ark, ichki va tashqi shahar. Miloddan avvalgi 128-127-yillarda talantli xitoy diplomati Chjan Syan Farg‘ona davlatida bo‘lib, davlatni podsho 2 ta maslahatchisi va Oqsoqollar kengashi (parlament) yordamida boshqaradi, deb yozadi. Uning Xitoy imperatoriga yo‘llagan maktubida Farg‘onaning uzumi, undan tayyorlangan ajoyib ichimligi va samoviy tulporlari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Shundan keyin Xitoy imperatori Farg‘ona davlati bilan o‘zaro aloqani yo‘lga qo‘yish va u yerdan samoviy tulporlarni olish uchun bir necha marotaba elchilar bilan savdo karvonlar jo‘natadi. Lekin farg‘onaliklar samoviy tulporlarni xitoyliklarga bermaydi. Natijada, miloddan avvalgi 104-yil  Xitoy va Farg‘ona orasida 4 yillik urush boshlanadi. Urushdan charchagan har ikki tomon kelishib, sulh tuzadilar. Bunga binoan farg‘onaliklar xitoyliklarga 300 dan ziyod uchqur tulpor otlar beradi. O‘zaro tinchlik o‘rnatilib, savdo aloqalari yo‘lga qo‘yiladi. Farg‘ona Xitoyga samoviy tulporlar, uzum va undan tayyorlangan ichimliklar, paxta va boshqa mahsulotlar yubora boshlaydi. Xitoydan esa Farg‘onaga ipak matolar, ayollarning upo-atirlari va boshqa tovarlar keltirilgan. Shu davrdan boshlab G‘arb bilan Sharqni bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘li muntazam faoliyat ko‘rsata boshlaydi.

 

Yuqorida tilga olingan urushdan keyin farg‘onaliklar o‘z poytaxti mudofaasiga katta e’tibor berib, shahar devorlari qalinligini 20 metrga yetkazadilar. Milodiy eraning VIII asri boshlarida arab tarixchisi Taboriy Farg‘ona shahrini birinchi bo‘lib tilga oladi. IX asrning birinchi yarmida Ibn Xordadbex bergan ma’lumotlarga tayanib, Farg‘ona shahrini Axsikent yodgorligi o‘rnida bo‘lganligi ilmiy asoslandi. Faqat IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab yozma manbalarda Farg‘ona shahri Axsiket deb atala boshlangan. Numizmatik materiallarda esa shahar to XI asrning o‘rtalarigacha ikki nom bilan Farg‘ona Axsiket deb atalgan ekan. Demak, mahalliy xalq o‘z shahrining eski nomini uzoq davr unutmagan. Arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, poytaxt shahar Axsiketning maydoni IX-XII asrlarda 400 gektardan oshib ketadi, aholisi 200 mingdan ziyod bo‘lgan. Shahar har tomonlama rivojlanib, gullab yashnaydi. Bu yerda toshga ursa uni kesadigan, egilsa ham sinmaydigan dunyoga “Damashq qilichlari” nomi bilan mashhur bo‘lgan qurollar yasalib, Sharqda Xitoy, G‘arbda xalifalik poytaxti Damashq bozorlarida sotilgan. Xuddi shu davrda X asrning o‘rtalaridan Axsiket shahrida yer osti vodoprovod sistemasi faoliyat ko‘rsatgan. Vodoprovod pishirilgan g‘ishtlardan hozirgi metro usulida tunnel ko‘rinishida qurilgan bo‘lib, har 80-100 metrda pishiq g‘ishtlardan qurilgan yer osti yarim gumbazsimon xonada suv tindirgich hovuzlar bilan ta’minlangan. Ushbu xonaga o‘sha davr yer sathidan maxsus xona va zinapoyalar orqali tushilgan. Toza ichimlik suvi qurilma ichiga o‘rnatilgan sopol quvurlarda oqqan. O‘z davrining buyuk muhandislari yaratgan bu vodoprovod 250 yildan ziyod davr faoliyat ko‘rsatgan. 

  

Qiyosiy tahliliy tadqiqotlarga qaraganda, ushbu yodgorlik o‘rnidagi qadimda Farg‘ona, keyinchalik Axsiket deb atalgan shahar mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron etilgan. So‘ng Axsiket shahri yangi joyda, bu yerdan 6 km g‘arbda, hozirgi Axsi qishlog‘i yaqinida Sirdaryoning o‘ng qirog‘i bo‘ylab yangidan qurilgan. Ushbu shaharda Bobur Mirzoning otasi Umar shayx Mirzo Farg‘ona vodiysiga hukmronlik qilgan.                                                                                                                                                                                                                                                 

Abdulxamid Anarbayev, 

O’zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti

Toshkent bo’limi direktori.

                                                                                                                         


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!