Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Attila va hunlar tarixi: Budapeshtdagi nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston merosi namoyish etilmoqda


Vengriya madaniyati kunida Budapeshtdagi Vengriya Milliy muzeyida — Turan jamg‘armasi hamkorligida — “Attila” ko‘rgazmasi ochildi. 

So‘nggi 40 yil ichida Budapeshtda tashkil etilgan eng muhim Attila ko‘rgazmasiga ko‘plab xalqaro mehmonlar tashrif buyurdi, shuningdek, mamlakat madaniy hayotining nufuzli vakillari ochilish marosimini o‘z ishtiroklari bilan sharafladilar. Mehmonlar Vengriya–Turan jamg‘armasining an’analarni saqlovchi jamoasi tomonidan Attila davrini aks ettiruvchi jonli sahnalar, so‘ngra ularning “faxriy qorovuli” hamrohligida muzeyning Tantana zaliga kirib bordilar.

Ko‘rgazma doirasida o‘tkazilgan “Yevropa Hunlari va ko’chmanchi arxeologiyasining so’nggi yutuqlari” nomli xalqaro ilmiy konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlari - San’atshunoslik institutidan Jangar Ilyasov va Antropologiya institutidan Farhod Maqsudov – o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar. 

 

Budapeshtda ochilgan “Attila” ko‘rgazmasi hunlar davri va ko‘chmanchi sivilizatsiya tarixini keng qamrovda yoritib, xalqaro ilmiy va madaniy hamjamiyat e’tiborini yana bir bor ushbu davrning global ahamiyatiga qaratdi.

Mazkur nufuzli xalqaro ilmiy tadbirning ko’zga tashlangan jihati - Vengriya Milliy Muzeyidagi Attilaga bag’ishlangan  ko’rgazma logotipining O’zbekiston arxeologik materiali - Orlot kamar to’qalaridan tanlab olingan bir sahna negizida ishlab chiqilganligi bo’ldi.

Ma’lumot o‘rnida: Buyuk hun hukmdorining shaxsi va merosini namoyish etuvchi ushbu 6 oy davom etadigan ko‘rgazma 13 mamlakatdagi 64 muzeydan keltirilgan 400 ta ashyoviy yodgorlik orqali Attila siymosi va uning davrini jonlantirib beradi. Ko’rgazmaga O’zbekistondan ikki ming yillik tarixga ega suyakdan ishlangan mashhur Orlot kamar to’qalari olib kelingan. Yurtimizdagi qadimgi ko’chmanchi madaniyatga tegishli ushbu harbiy kamar to’qalarida o’ta noyob ov va jang sahnalarining ko’rinishlari mohirona o’yib solingan bo’lib, ular o’tgan asrda arxeologlarimiz tomonidan Samarqand viloyati Qo’shrabod tumani hududidagi qadimgi mozor-qo’rg’on qazishmalarida topilgan va tadqiq etilgan. 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!