O‘zR FA San’atshunoslik institutida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Ansambl ijrochiligi: tarix, nazariya, amaliyot” mavzusida onlayn Xalqaro ilmiy-nazariy seminar o‘tkazildi. Mazkur tadbirda soha mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistr va bakalavrlar yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida 32 ta, shu jumladan, 6 ta xorijiy davlat (AQSH, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston) qatnashchilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarda ansambl ijrochiligi har tomonlama, xususan, uning tarixiy ildizlari, zamonaviy rivojlanish tamoyillari va kelajak istiqbollari, O‘zbekiston va xorijiy kompozitorlari ijodida tutgan o‘rni, ansambl uchun yaratilgan asarlarning ijro talqinlari, ularni keng tinglovchilar orasida targ‘ib qilish kabi dolzarb masalalar keng muhokama qilindi.
Ilmiy seminarning yakuniy muhokama qismida eng qiziqarli va mazmunli ma’ruzalar qayd etildi. Seminar ishtirokchilari ansambl ijrochiligini jadal rivojlantirish muammosi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarni bildirdilar. Asosiy xulosa shundan iborat bo‘ldiki, bunday uchrashuvlar ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi bilan birgalikda ilm-fan va ta’lim integratsiyasi jarayoni uchun ko‘mak, yosh olim va ijrochilarning tajribasini oshirishga keng imkoniyatlar yaratadi.
Seminar yakunida barcha ma’ruzachilar elektron sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Seminar materiallari dastlabki saralashdan so‘ng elektron to‘plam tarzida nashr etilishi rejalashtirilgan.