Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2022-yilda Jizzax viloyati mehnatkashlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda AN-Boyovut-2 gʻoʻza navi 2000-yillarda Jizzax viloyatida katta maydonlarda ekilib, oʻzining hosildorligi va ertapisharligi bilan yuqori koʻrsatgichlarga ega boʻlganligi va viloyatda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta xom-ashyosini yetkazib berish boʻyicha shartnomaviy majburiyatni ortigʻi bilan bajarilishida muhim ahamiyatga ega boʻlganligi sabab ushbu gʻoʻza navini qayta tiklash borasidagi koʻrsatma berdilar.
Prezident Sh.M. Mirziyoyev topshirigʻi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va Genetika va Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari AN-Boyovut-2 gʻoʻza navini qayta tiklash va ushbu gʻoʻza nav urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha quyidagi ishlarni amalga oshirdi.
“AN-Boyovut-2” gʻoʻza navining patent muddati oʻtib ketganligi va boshqa sabablar tufayli ushbu nav ekin maydonlari keskin qisqargan.
Prezident Sh.M. Mirziyoyev topshirigʻiga muvofiq Fanlar akademiyasi va Institut rahbariyatining shaxsan q.x.f.d. prof. A.Narimanovning saʼyi harakatlari bilan 2023-yil 10-fevralda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan “AN-Boyovut-2” gʻoʻza naviga tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisiga №MGU 44816 raqamli guvohnoma qayta olingan.
“AN-Boyovut-2” gʻoʻza navining boshlangʻich orginal urugʻlik chigitlarini tayyorlash, navni qayta ishlab chiqarishga jalb qilgan holda ekin maydonlarini kengaytirish boʻyicha Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Guliston sayqali” paxta-toʻqimachilik klasterida elita urugʻchiligi tashkil etildi. Asosiy maqsad mazkur elita urugʻchilik xoʻjaligida kelgusi yil 2024-yilda ekish uchun “AN-Boyovut-2” gʻoʻza navining yuqori sifatli urugʻlarini koʻpaytirish va ekin maydonlarini kengaytirishdir.
Shuningdek Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining 625 gektar paxta maydonidagi urugʻchilik xoʻjaliklarida ham urugʻlik paxta yetishtirish ishlari olib borildi.
Bu yilgi mavsumda oʻta issiq haroratda Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Guliston sayqali” paxta-toʻqimachilik klasterida ekilgan An- Bayovut-2 gʻoʻza navida toʻkilgan hosil elementlari esa boshqa gʻoʻza navlariga nisbatan 20-25% ga kamligini namoyon qilgan.Ushbu nav ekilgan maydonlar faqat bir martta sugʻorilgan.
Natijada AN-Boyovut-2 gʻoʻza navidan har gektar maydondan 42-44 sentnerdan paxta hosidi olingan. Shuningdek AN-Boyovut-2 gʻoʻza navi joylashgan maydon atrofida ekilgan boshqa nav ekin maydonlarda esa 33-35 s/ga paxta hosili olingan.
Jizzax va Sirdaryo viloyatida ekilgan erta pishar, suvsizlikka va shoʻrlanishga chidamli, mashina terimiga mos, tola sifati yuqori boʻlgan gʻoʻzaning An- Boyovut-2 navining erta pisharligi, hosildorligi va tola sifati yuqori hamda kasalliklar, tuproq shoʻrlanishiga, issiq haroratga chidamli boʻlganligi tufayli Guliston tumani va qoʻshni tuman va viloyatlardagi fermerlar kelgusi yilda ushbu nav urugʻlariga hozirdan buyurtma berishmoqda.
Mazkur navning ertapishar va boshqa qator ijobiy xususiyatlarga ega ekanligi uning Qoraqalpoqiston Respublikasi va shimoliy mintaqalarda ekib yuqori hosildorlikka erishish mumkinligini koʻrsatmoqda.