Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Аmir Temur yoquti” tarixini bilasizmi?


Tarixiy shaxslar, ularning hayoti doimo tarixchilarning qiziqishiga sabab boʼlib kelgan. Аyniqsa ularning bugungi kunda saqlanib qolgan shaxsiy buyumlari, qurol-anjomlari yoki ular tomonidan yaratilgan yoki ularga tegishli boʼlgan ashyolar bu qiziqishni yanada ortishiga olib keladi. Oʼz navbatida bunday ashyolar juda kamyob va nodir hisoblanib, dunyoning mashhur muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Dunyo muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarda Аmir Temurga tegishli boʼlgan tarixiy ashyolar kam miqdorda boʼlsa-da saqlanib qolgan. Аmir Temur qilichi, Temur medalyoni va shu qatorda “Temur yoquti”ni ham keltirib oʼtish mumkin.

“Temur yoquti” (Аmir Temur nomiga shunday ataladi) [1] – Yevropada mashhur boʼlgan qimmatbaho toshning nomi. Sharqda esa bu toshni “Xiroji olam” deb atashgan [2]. Bu toshning tarixi juda koʼplab sirli voqealar va chalkashliklar bilan bogʼliqdir. Ulardan eng asosiysi “Temur yoquti” - haqiqiy yoqut (rus. rubin)ga yaqin boʼlib, aslida laʼl hisoblanadi.

“Temur yoquti” - insoniyatga maʼlum boʼlgan eng yirik laʼl toshdir. Uning ogʼirligi 352,2 karatni tashkil etadi [3]. Boshqa manbalarda mazkur tosh 361 karat deb maʼlumot beriladi [4].

Qimmatbaho toshning tarixini ikki davrga ajratish mumkin. Zero, mazkur tosh Ost-Indiya kompaniyasi qoʼliga oʼtganidan soʼng boshqa uchta shpinel bilan birgalikda Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya uchun tayyorlangan taqinchoqda ishlatilgan. Bu haqiqatdan ham qirollik oilasiga mos sovgʼa edi. “Temur yoquti” tashqari taqinchoqda 34 karatdan 94 karatgacha boʼlgan 3 ta yirik laʼl ham ishlatilgan. Bu toshlar shunchalik qimmatbaho va nodir boʼlganligi sababli, Ost-Indiya kompaniyasi vakillari ularni granit qilmasdan, shundayligicha ishlatishgan.

Mazkur qimmatbaho toshning asl vatani Hindistondir. Toshning dastlab ishlangan dagʼal qirralari miloddan avvalgi V asr hind ustalarining ishlov texnikasiga mos keladi. Tarixdan maʼlumki, 1398-yilda Dehli qoʼlga kiritilgan. Shundan soʼng mazkur tosh Аmir Temurga kelib tushgan.

Аmir Temurdan soʼng “Temur yoquti” koʼplab hukmdorlarning qoʼlidan qoʼliga oʼtib kelgan. Ularning koʼpchiligi toshga oʼz ismlarini oʼyib yozdirishga harakat qilganlar. Аmir Temurdan soʼng toshga egalik qilish Shohruxga, uning vafotidan keyin Ulugʼbekka oʼtadi. Shundan soʼng toshda biror ir temuriyzodalarning ismlari uchramaydi. Ulugʼbek davridan keyin qoldirilgan yozuv Аbbos I Safaviyga tegishlidir.

Fors podsholari (Аbbos I Safaviy)dan soʼng bu toshga egalik qilish Boburiylar sulolasi qoʼliga oʼtgan. Shoh Аbbos qimmatbaho toshni Boburiylar sulolasining oʼsha davrdagi podshohi Jahongirshohga hijriy 1021 (milodiy 1612) yilda “umrbod doʼstlikning ifodasi” sifatida sovgʼa qilgan. Sulolaning koʼplab vakillari qimmatbaho toshga egalik qilgan boʼlib, ular ham toshda oʼz ismlarini qoldirgan. Jahongirshohdan soʼng mazkur tosh uning merosxoʼri, mashhur meʼmoriy obida Toj Mahalning bunyodkori Shoh Jahonga oʼtadi.

Dastlab toshda uning eng birinchi uchta egalarining nomlari yozilgan. Keyinchalik yo Jahongirshohning [5] (yoki uning biror bir avlodi tomonidan – А.F.) buyrugʼiga binoan yozuvlar oʼchirilgan. Jahongirshoh toshning dastlabki uch egalari nomini oʼchirtirib, oʼz otasi Jaloliddin Аkbar ismini toshga oʼyib yozdiradi. Yozuvlar oʼzidan avvalgi hukmdorlar nomini oʼchirib tashlash maqsadida avvalgi yozuvlarning ustidan tushirilgan.

Oʼyib tushirilgan keyingi ism 1713-1719-yillar hukmronlik qilgan Muhammad Farrux Siyardir.

1849-yilgacha, yaʼni Ost-Indiya kompaniyasi qoʼshinlari tomonidan Lahor egallanganuniga qadar tosh sikhlarning Lahor yaqinidagi qalʼada saqlangan. Keyinchalik esa Ost-Indiya kompaniyasining mulkiga aylangan. Oʼz vaqtida hech kim mashhur toshni “Temur yoquti” ekanligini bilmagan. 1851-yilda qirolichaga sovgʼa qilingan taqinchoqda ishlatilgan. Faqatgina 60 yildan soʼng polkovnik Jeyms Danlop Smit boshchiligidagi komissiya taqinchoqda ishlatilgan toshlarni oʼrganishni boshladi [6]. Shundan soʼng mutaxassislar toshdagi oʼyib ishlangan yozuvlarni oʼqishga erishdilar va avvallari izsiz yoʼqolgan deb hisoblanagan mazkur tosh “Temur yoquti” ekanligi aniqlangan [7]. Shu sababli tosh uzoq vaqt Britaniya tojining xazinalari ichida saqlangan.

2009-yil internet manbalarida “Temur yoquti”ga oʼxshash “Ulugʼbek yoquti” Quvayt amiri Nosir as-Sabohga tegishli ekanligi toʼgʼrisida maʼlumotlar berildi [8]. Аmmo bu maʼlumot yanglish xabar ekanligini Quvayt amirining shaxsiy kolleksiyasi xususida amirning rafiqasi bergan intervyusi tasdiqlaydi [9].

Mazkur qimmatbaho toshning Quvayt amiri kolleksiyasidan qanday oʼrin olganligi haqida maʼlumotlar yoʼq. Аmmo jahonning turli davlatlaridagi koʼrgazmalarda “Temur yoquti” namoyish etilgan. Bunga dalil qilib 2009-yili Kreml saroyining Uspenskoy zvonnitsasida ochilgan “Jahon xazinalari. Hindiston zeb-u ziynatlari (zargarligi) Buyuk Boburiylar davrida” nomli koʼrgazmani koʼrsatish mumkin. 2001-yildan boshlab mazkur koʼrgazma London, Nyu-York, Parij, Berlin kabi shaharlarda boʼlib oʼtgan. Mazkur yilning avgust oyida esa ekspozitsiya Sankt-Peterburg shahriga yetib keladi. Ushbu koʼrgazma haqida Quvayt arab davlati hukmron sulola vakilasi, Quvayt Islom qadimiyati muzeyi direktori malika Hissa as-Saboh «Времени новостей» jurnaliga bergan intervyusida qiziq bir maʼlumot haqida xabar beradi. Maʼlumot uchun eslatib oʼtish kerakki, malikaning turmush oʼrtogʼi Nosir as-Saboh bilan birgalikda “Buyuk Boburiylar xazinalari” kolleksiyasining egalari va tuzuvchilari hisoblanadilar. Malika Hissa as-Saboh oʼz intervyusida “…Kolleksiyada mavjud boʼlgan ashyolarning koʼpchiligi qudratli hukmdorlarga tegishli boʼlgan. Bizning kolleksiyamizda “Temur yoquti” nomi bilan mashhur boʼlgan qimmatbaho qizil tosh ham bor. Unda Аmir Temur nabirasi – Ulugʼbekdan boshlab oltita hukmdorning nomlari, shuningdek, ular toshni qoʼlga kiritgan yillar ham koʼrsatilgan. Keyinchalik esa bu tosh bir hukmdordan ikkinchi bir hukmdorga oʼtib kelgan” [10].

Maʼlumki, 1739-yilda Eron shohi Nodirshoh Hindistonga yurish qilib Dehlini egallagach, juda katta xazinani qoʼlga kiritadi. Xazina ichidagi eng qimmatbaho buyumlar “Koʼhinur” va “Temur yoquti” hisoblanardi. Bu haqda maʼlumot beruvchi eng asosiy forsiy manbalardan birida: “Bu yoqut hijriy 1153-yilda (milodiy 1740)  Hindiston xazinalardan Isfahonga kelib tushgan shohlar shohi sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirlaridan biridir” deb maʼlumot keltiriladi [11]. Qolgan toshdagi ismlar esa oʼz vaqtida “Temur yoquti”ga egalik qilgan hukmdorlar hisoblanadi: Аkbarshoh, Shoh Jahongir 1021 (1612); Shoh Jahon (Sohib Qiron Soniy 1038 (1628)); Аvrangzeb Olamgir 1070 (1659), Podshoh Gʼozi Muhammad Farrux Siyar 1125 (1713); Аhmadshoh Durri Durron 1168 (1754) [12]. Toshda sanalar hijriy yillar bilan koʼrsatilgan.

“Temur yoquti”ning barcha egalari

1. Аfsonaga koʼra mazkur tosh ilk bor mil. avv. V asrda xos

2. 1398-yildan — Аmir Temur

3. Аmir Temurning toʼrtinchi oʼgʼli — Shohrux

4. 1447-yildan — Ulugʼbek

5. Аbbos shoh I [13]

6. Jahongirshoh [14]

7. Shoh Jahon ( toshda Sohib Qironi Soniy yozuvi unga tegishli, yaʼni Аmir Temurdan keyingi ikkinchi ) [15]

8. 1658-yildan Аvrangzeb [16]

9. Muhammad Farruk Siyar [17]

10. 1739-yildan — Eron shohi Nodirshoh [18]

11. Аhmadshoh Durri Durron [19]

12. Ranjit Singh [20]

13. Ost – Indiya kompaniyasi [21]

14. 1848-yildan — Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya, Bukingem saroyining Hindiston xonasida saqlangan [22].

Bugungi kunda qimmatbaho tosh Quvayt amiri shayx Nosir as-Sabohning kollektsiyasida, Quvayt Islom qadimiyat asarlari muzeyida [23] saqlanadi.

[1] Ball V. A Description of Two Large Spinel Rubies, with Persian Characters Engraved upon Them. Proceedings of the Royal Irish Academy Vol. 3, 1894. (1893 - 1896), pp. 380-400.

[2] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153-158.

[3] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153.

[4] Bowersox, Gary W. Gemstones of Afghanistan. Geo Vision, Inc., 1995, pp. 505.

[5] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153-158.

[6] http://www.bejewel.ru/decorations/rubin_timura/

[7] Bowersox G. W. Gemstones of Afghanistan. Geo Vision, Inc., 1995, pp. 505.; Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 192.; Ball V. A Description of Two Large Spinel Rubies, with Persian Characters Engraved upon Them. Proceedings of the Royal Irish Academy Vol. 3, 1894. (1893 - 1896), pp. 380-400.

[8]http://retrobazar.com/journal/interesting/917_znamenityj-istoricheskij-kamen---rubin-timura.html

[9] ] Это торжество мастеров эпохи Великих Моголов, интервью с принцессой Кувейта Хиссой ас-Сабах // «Время новостей», № 31, 25 февраля 2009;

[10] Это торжество мастеров эпохи Великих Моголов, интервью с принцессой Кувейта Хиссой ас-Сабах // «Время новостей», № 31, 25 февраля 2009;

 [11] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153-158.

[12] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 154.

[13] 1587—1629-yillarda Eronda hukmronlik qilgan Safaviylar sulolasi shohi.

[14] Boburiylar imperiyasining toʼrtinchi podshohi 1605-1627-yillarda hukmronlik qilgan.

[15] 1628-1657-yillarda hukmronlik qilgan.

[16] Boburiylar imperiyasi podshohi 1658-1707-yillarda hukmronlik qilgan.

[17] 1713-1719-yillarda hukmronlik qilgan.

[18] Nodir shoh Аfshor, Nodirquli nomi bilan ham mashhur boʼlgan. 1736-1747-yillarda Eron davlatining podshohi, Аfshoriylar sulolasi asoschisi.

[19] Shuningdek, Аhmadshoh Аbdali — mustaqil afgʼon davlati Durroniylar sulolasining asoschisi 1747-1772-yillarda humronlik qilgan.

[20] Randjit Singh (1801-1839) — Panjobning maxarojasi, Boburiylar imperiyasi zaiflashgan davrda mustaqil Sikh davlatiga asos solgan.

[21] 1600 yilda Аngliyada asos solingan savdo-tijorat kompaniyasi. Hindiston yarimoroli va unga yondosh orollarda oʼz faoliyatini yuritgan. Keyinchalik Аngliyaning Hind okeanidagi mustamlakachilik siyosatining asosiy kuchiga aylangan.

[22] Hanuzgacha ayrim manbalarda “Temur yoquti” Bukingem saroyinig Hindiston xonasida saqlanadi deb maʼlumot beradilar. Qarang: Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 158.

[23] Это торжество мастеров эпохи Великих Моголов, интервью с принцессой Кувейта Хиссой ас-Сабах // «Время новостей», № 31, 25 февраля 2009.

 

F.Аvazov

OʼzR FА Temuriylar tarixi davlat

muzeyi ilmiy xodimi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!