Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov 80 yoshda


Bugun O’zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida akademik Qahhorboy Abdullabekovning 80 yillik yubileyi nishonlandi.

 

Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov 1942-yilda Toshkentda tugʻilgan.  1963-yilda Toshkent politexnika instituti (hozirgi ToshDTU) tugatgan.

1968-yildan hozirgi vaqtgacha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida kichik ilmiy xodim, aspirant, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, 1989 - 2009-yillarda instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2009-yildan esa “Seysmogen jarayonlar fizikasi” laboratoriyasi mudiri.

Yer fizikasi institutida (Moskva) 1972-yilda “Seysmik faol rayonlar yer qobigʻidagi elastik kuchlanishlar bilan bogʻliq geomagnit maydon oʻzgarishlarni oʻrganish mavzusida nomzodlik, 1988-yilda “Oʻzbekiston yer qobigʻida seysmotektonik jarayonlar bilan bogʻliq elektromagnit hodisalar” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan, fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1994-yil Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-aʼzosi, 2000-yil haqiqiy aʼzosi etib saylangan. Uning tadqiqotlari elektromagnit darakchilarni namoyon boʻlish qonuniyatlarini aniqlashga, zilzilalarni prognoz qilish usullarini ishlab chiqish, zilzilalarni tayyorlanish jarayonlarini geofizik modelini ishlab chiqish, seysmik xavfni baholash, tabiiy ofatlar zararini kamaytirish, aholini favqulodda vaziyatlarga tayyorlashga yoʻnaltirilgan. Abdullabekov K.N. rahbarligida Oʻzbekistonda zilzila darakchilarini kuzatish tizimi yaratildi, geoelektromagnit maydonlarni keng koʻlamli eksperimental va instrumental tadqiqotlari oʻtkazildi.

Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov jahon ilmiy jamiyati tomonidan tan olingan Seysmoelektromagnit hodisalar boʻyicha ilmiy maktab yaratdi. Uning rahbarligida 8 ta nomzodlik va 5 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. 2000-2011. yillar A.Beruniy nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti “Gidrogeologiya va geofizika” kafedrasi oʻrindosh mudiri boʻlgan. “Geologiya va mineral resurslar” jurnali tahririyati aʼzosi, Oʻz FA “Seysmologiya muammolari” jurnali bosh muharriri, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasining Seysmologik va seysmoprognostik monitoring hamda seysmik xavfdan himoya sohasidagi idoralararo ilmiy-texnik kengashi raisi, Seysmologiya instituti qoshidagi 04.00.06-Geofizika. Foydali qazilmalarni qidirishning geofizik usullari ixtisosligi boʻyicha doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadigan Ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat yuritib kelmokda.

Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov tadqiqotlari koʻplab chet davlatlar ilmiy markazlari olimlari tomonidan tan olingan. U Osiyo Xalqaro seysmologik komissiyasi aʼzosi, MDHning tabiiy va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha Davlatlararo Kengashining Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini tugatish boʻyicha Ilmiy kengash raisi oʻrinbosari, 1990-2009-yillarda Geofizika sohasida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy Ixtisoslashgan kengash raisi boʻlgan.

Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov 400dan ortiq ilmiy ishlar (ulardan 142 tasi xorijda), 18 ta monografiya, ulardan biri(1989) 1990-yilda Xitoy Xalq Respublikasida xitoy tilida va 1991-yilda Gollandiyada ingliz tilida chop etilgan, ixtiro uchun 9 mualliflik guvohnoma va patentlar, 3 ta oʻquv qoʻllanmalar muallifi.

Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov koʻp yillik ilmiy-tashkiliy, pedagogik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga koʻra 2019-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!