Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik O'tkir Rasulev Xasanovich


Atoqli fizik olim va O'zbekistonda fan tashkilotchilaridan biri, akademik, O'zR FA Prezidiumi a'zosi, Davlat  mukofotlari  sovrindori Rasulev O'tkir Xasanovich 1939-yil 11-iyulda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tavallud topdi. 1956-yil Toshkentdagi 135-o'rta maktabni Oltin medal bilan tugatib, O'rta Osiyo  Davlat universiteti talabasi  bo'ldi va 1961-yili uni muvaffqiyatli tugatdi.

1960-yilda Rasulev O'tkir Xasanovich  ilg'or talabalardan biri sifatida Chexiya texnika universitetida o'qishni davom ettirdi. 1962-1965-yillarda O'zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti stajyor-tadqiqotchisi, kichik ilmiy xodimi lavozimida faoliyat yuritdi. 

O'.X.Rasulev  o'z faoliyatini 1965-1981-yillarda  Rossiya Fanlar akademiyasi A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti     aspiranti,  kichik ilmiy xodimi,  katta ilmiy xodimi lavozimlarida ish yuritdi.

1969-yil A.F.Ioffe nomidagi  Fizika-texnika institutining Ilmiy Kengashida nomzodlik dissertatsiyasini va 1979-yilda  doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, shu yillarda O'.X.Rasulev  ishlab chiqarishda foydalanish darajasiga yetkazilgan birinchi “Valday” sirt - ionizatsion gaz analizatorlarini yaratdi va bu ixtirosi uchun birinchi mualliflik guvohnomasini oldi.

O'.X.Rasulev jahon andozalari darajasida ishlashi tan olingan A.F.Ioffe nomidagi FTI ilmiy maktabining tipik vakili va emission elektronikaning murakkab tarkibli molekulalarning qattiq jism sirtida ionlashish kabi yangi yo'nalishi asoschilaridan biri bo'lib, uning bu ilmiy yo'nalishi geterogen kataliz, molekulalar fizikasi, kimyoviy fizika, organik birikmalarning fizikaviy kimyosi, mass-spetrometriya va gaz tahlili kabi tadqiqot sohalarini rivojlanishiga asos soldi.

1981-yilda O'zR FA taklifi bilan FA Elektronika institutiga qaytib, yangi  “Materiallarga elektron-ion ishlov berish” (hozirda “Adsorbtsion va emission hodisalar”) laboratoriyasini tashkil etdi. Bu laboratoriyaning yo'nalishi asosan ko'p atomli zarrallarning qattiq jism sirti bilan o'zaro ta'sirini har tomonlama eksperimental tadqiq  qilish hamda, kiloelektronovolьt energiyali tezlashtirilgan molekulyar ionlarning sirt bilan o'zaro ta'sirida yuz beradigan noturg'un jarayonlarni o'rganishdan iborat bo'ldi.

O'.X.Rasulev  yillar davomida  MAGATE Dasturi koordinatorlari yig'ilishi ishtirokchisi (Vena, Avstriya), Konrad Adenauer fondi bilan hamkorlikda o'tkaziladigan ilmiy, sanoat va texnologik siyosiy masalalar bo'yicha  Xalqaro konferensiya tashkiliy qo'mitasi raisi, Xalqaro Dastur USAID loyihasining koordinatori, O'zR Oliy Attestatsiya komissiyasi Prezidiumining a'zosi, O'zR Beruniy nomidagi Davlat mukofotlari Qo'mitasining a'zosi, “Adolat “ sotsial-demokratik partiyasi tashkilotchisi, Partiya siyosiy kengashining  a'zosi bo’lgan.

 1984-yili  O'zbekiston  FA  ning muxbir a'zosi va 1995-yil O'zR FA akademigi etib saylandi.

1985-2007-yillarda O'zR FA Elektronika institutiga rahbarlik qildi. Uning  rahbarligida va  bevosita ishtirokida sirtiy ionlashuv usullari va asboblarni patentlash ishlari olib borildi va natijada  Rossiya, Germaniya, AQSh, Shveytsariya, Italiya, O'zbekistonning patentlari olindi.

1986-yildayoq O'zbekiston Fanlar akademiyasi tarixida birinchi marta Elektronika institutida ishlab chiqilgan, materiallarga elektroerozion ishlov berishning noyob texnologiyasi bo'yicha litsenziya Shveytsariyaning “Georg Fisher” firmasiga sotildi.

O'.X.Rasulev  rahbarligida va bevosita ishtirokida 30 dan ziyod institut xodimlari Xalqaro Soros jamg'armasining individual va uchta tadqiqot grantlarini olingan.

O'.X.Rasulev rahbarlik  davrlarida TDTU, O'zMU hamda M.Ulug'bek tumanidagi o'rta maktablarning  4 ta maxsus sinflarini birlashtirgan, maktab kursisidan to fan nomzodi  va doktorigacha bo'lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlovchi “Elektronika” ilmiy markazini tashkil  qildi.

1995-yilda   xalq tomonidan qo'llanilib, O'z R Oliy Majlisi deputati etib saylandi.

1989-1998-yillarda   O'zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasi Prezidiumi a'zosi hamda  O'zR FA Prezidiumi Fizika-matematika fanlari bo'limi raisi, 2006-2007-yillarda esa O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-matematika, texnika  fanlari bo'yicha vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritdi.

Sirt ionizatsion detektorlari ishlanmasi uchun 1987-yilda Xalq xo'jaligi yutuqlari ko'rgazmasining Oltin medali bilan, fan va ilm sohasidagi yutuqlari uchun 1988-yili Davlat mukofoti, 1994-yili “Shuhrat” medali,  2003-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan  taqdirlandi. O'.X.Rasulev 3 ta monografiya,  500 dan ziyod ilmiy ishlar, 35 dan ziyod ixtiro va patentlar muallifidir. U rahbarligida 1 ta doktorlik va 16 ta nomzodlik ishlari himoya qilindi. Hozirda akademik O'.X. Rasulevning shogirdlari dunyoning barcha nuqtalarida,  jumladan,  Rossiya, Amerika,  Belgiya, Germaniya, Yaponiya, Isroil  kabi davlatlarda ilmiy faoliyat yuritib kelmoqdalar.

1981-2016-yillarda O'zR FA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti “Adsorbtsion va emission hodisalar”  laboratoriyasi mudiri va hozirgi kungacha shu laboratoriyada bosh ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Uning  boshchiligida laboratoriyada fundamental tadqiqotlar asosida giyohvand, yangi psixoaktiv moddalar hamda qishloq xo'jaligida keng qo'llaniladigan pestitsidlarning iz qoldiqlarini aniqlovchi tezkor va yuqori sezgirlikka ega termodesorbtsion sirtiy ionlashuv uslubi va shu uslubda ishlaydigan qurilma yaratildi. Hozirda bu qurilmalarning 14 tasi sog'liqni saqlash tizimidagi sud-tibbiyot ekspertizasi va narkologiya dispanserlari laboratoriyalarida muvafaqiyatli foydalanilmoqda.

O'.X.Rasulev  o'zining barcha ilmiy, tashkiliy, ijtimoiy, murabbiylik faoliyati bilan mustaqil O'zbekistonning yanada taraqqiy etishiga va gullab yashnashiga xizmat qilmoqdalar.

Bugungi tavallud kunlari munosabati bilan akademik O'tkir Xasanovichni O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Ularga uzoq umr, mustahkam sog'lik,  oilaviy tinchlik-osoyishtalik, yana uzoq yillar o'zbek ilm-faniga o'z hissalarini qo'shib yurishlarini, kelajak avlodga ilm ziyosini tarqatishda charchamasliklarini tilab qolamiz. Yana bir bor tavallud ayyomingiz muborak bo’lsin!

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!