Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik Ibrohimjon Iskandarov


Atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimjon Iskandarov shu yil 13 dekabr kuni 88 yoshida vafot etdi.

I.Iskandarov 1932 yil 8 mayda Qozog‘iston Respublikasi Chimkent viloyatida tug‘ildi. 1953 yilda Toshkent moliya-iqtisod institutini tamomladi. Moskva davlat iqtisodiyot instituti aspiranturasida tahsil olib, 1962 yilda nomzodlik, 1970 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1979 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Mehnat faoliyatini Buxoro viloyati moliya bo‘limida boshladi. Turli yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida mas’ul ishlarda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat reja qo‘mitasida rahbarlik lavozimlarida, Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) rektori vazifasida samarali mehnat qildi.

U o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy va tashkilotchilik faoliyati davomida respublikamizda iqtisodiyot sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, respublikada yengil sanoat rivojining iqtisodiy muammolarini yechish, paxtachilik va paxtani qayta ishlash korxonalari o‘rtasida iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, qulay ishlab chiqarish omillari asosida ko‘p tarmoqli to‘qimachilik majmualarini tashkil etish, ularni yuksaltirish va iqtisodiy samaradorligini asoslash bo‘yicha nazariy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirdi.

Uning iqtisodiyot yo‘nalishiga bag‘ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng e’tirof etilgan.

Talabchan va jonkuyar ustoz ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berib, 50 dan ortiq fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorladi.

Akademik I.Iskandarovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Ibrohimjon Iskandarovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!