Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Abu Rayhon Beruniy asarlarining yangi nashri taqdimoti


    “Ulug’ hodisalar har vaqt yuz beravermaydi”

  Abu Rayhon Beruniy.

                                                                    

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining bir guruh olimlari tomonidan olib borilgan uzoq yillik mehnatlar samarasi oʻlaroq  “Abu Rayhon Beruniy kitoblari” ning yangi nashri  keng ommaga taqdim qilindi.

 Oʻzekspomarkaz pavilyonida Abu Rayhon Beruniy kitoblari nashrlarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida” qaroridagi vazifalarni bajarish maqsadida, allomaning XX asrni 50 yillaridan boshlab nashr qilingan yettita jilddan iborat asarlari qayta nashriga bagʻishlab oʻtkazildi.

 

Professor Ashraf Ahmedov oʻz shogirdlari (B. Abdullayev, M. Xandamova, U. Kuranbayeva) bilan birgalikda Abu Rayhon Beruniy “Tanlangan asarlar” ining oʻzbek tilidagi yangi nashri – 8 ta jildini chop etishga tayyorladi. Quvonarlisi shuki, 2018-yilda, oldin chop etilmagan, Beruniyning “Tanlangan asarlar” turkumiga kirmagan uchta asari – kichik risolalari “Kartografiya”, “Oʻtishlar”, “Zijlar sarasi” 8-jild sifatida rus va oʻzbek tillarida tarixchilar, sharqshunoslar va umuman kitobxonlar ommasiga taqdim etildi. Olimlarimiz oldidagi keyingi vazifa Beruniy asarlarining yettita jildini oʻzbek tilida qayta nashr etish boʻldi. Bu maqsadga erishish yoʻlida esa qancha izlanishlar va tadqiqotlar amalga oshirildi. Jumladan, birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi va yettinchi jildlar “OʹZBEKISTON” nashriyotida chop etishga shay holatga keltiridi. Marhum akademik U.Karimov tomonidan nashr etilgan toʻrtinchi jild “Saydana” asarini oʻzbekchalashtirish ustida professor S.Karimova olib borayotgan ish hali nihoyasiga yetmaganligi sababli beshinchi jildning birinchi kitobini Beruniyning “Tanlangan asarlar” turkumida toʻrtinchi jild qilib, ikkkinchi kitobini esa beshinchi jild qilib nashr etishga qaror qilindi.

 

Taqdimotda quyidagi asalar tashrif buyuruvchilarga taqdim etildi:

1. Abu Rayhon Beruniy. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”. Tanlangan asarlar. I jild.

2. Abu Rayhon Beruniy. “Hindiston”. Tanlangan asarlar. I jild.

3. Abu Rayhon Beruniy. “Geodeziya”. Tanlangan asarlar. III jild.

4. Abu Rayhon Beruniy. “Qonuni Masʼudiy”. Tanlangan asarlar. IV jild.

5. Abu Rayhon Beruniy. “Qonuni Masʼudiy”. Tanlangan asarlar. V jild.

6. Abu Rayhon Beruniy. “Tafhim”. Tanlangan asarlar. VI jild.

7. Abu Rayhon Beruniy. Matematik va astronomik risolalar. Tanlangan asarlar. VII jild.

Shunday qilib, yuqorida zikr etilgan nashrlar 2023-yilda nishonlanadigan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yillik yubileyiga shubhasiz munosib sovgʻa boʻldi deyish mumkin.

Abu Rayhon Beruniyning “Ulugʻ hodisalar har vaqt yuz beravermaydi” degan hikmatli soʻzlari bor. Zero, bu kabi asarlarning nashr etilib, xalqimizga tuhfa etilishi ham ulugʻvor hodisalardan biridir.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!