Shu yilning 7-sentyabr kuni Yer yuzi aholisi qiziqarli astronomik hodisalardan biri – to‘liq Oy tutilishini kuzatishlari mumkin. Ushbu tutilish to‘liq Oy tutilishi hisoblanib, tutilishning to‘liq fazasida Oy yuzasi 100 foiz Yer soyasida bo‘ladi. Oy tutilishining to‘liq fazasi 1 soat 22 daqiqa davom etib, tutilishning umumiy davomiyligi esa 3 soatdan ortiqroq vaqt davom etadi.
Ushbu astronomik hodisaning to‘liq fazasini Yevropa, Osiyo, Afrika, Avstraliya qit’alarining ma’lum bir qismida kuzatish mumkin. Jumladan Yevroosiyo materigida O‘zbekiston, Qozoqiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Armaniston, Eron, Birlashgan Arab Amirligi, Omon, Yaman, Somali, Madagaskar, Pokiston, Nepal, Hindiston, Shri-Lanka, Xitoy, Mo’g‘iliston, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya, Bangladesh, Myanma, Tailand, Vetnam, Laos, Malayziya davlatlar hududida yashovchi barcha aholi to‘liq Oy tutilishini kuzatish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Shuningdek, Rossiyaning markaziy hududlari, Ozarbayjon, Turkiya, Iroq, Saudiya Arabistoni, Afrika qit’asining sharqidagi bir necha davlatlar va Yaponiya, Avtraliyaning g’arbiy viloyatlari, Indoneziyaning g‘arbiy orollaridagi aholida ham to‘liq oy tutilishini kuzatish imkoni mavjud. Butun Yevropa davlatlari, Afrika qit’asining sharqidagi davlatlar, Rossiyaning g‘arbiy va sharqiy viloyatlari, Yaponiyaning shimoli-sharqiy viloyatlari, Filippin orollari, Gavayi orollari, Fidji orollari, Avstraliyaning sharqiy viloyatlari va yangi Zenlandiya davlati aholisi esa geografik joylashuviga mos ravishda turli darajadagi qisman Oy tutilishini kuzatishlari mumkin. Ushbu Oy tutilishining to‘liq va qisman fazalari to‘q pushti va och pushti ranglarda dunyoning siyosiy-geografik xaritasida tasvirlangan.
Ushbu to‘liq Oy tutilishini O‘zbekiston respublikasini barcha hududlarida to‘liq Oy tutilishi shaklida kuzatiladi. Ushbu astronomik hodisa O‘zbekistonda 7-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:27 da qisman Oy tutilishi, soat 22:30 da esa to‘liq Oytutilishi boshlanadi. To‘liq fazali Oy tutilishi 1 soat 22 daqiqa davom etadi, soat 23:11 da to‘liq fazali Oy tutilishi maksimum fazasiga yetadi, soat 23:52 da esa to‘liq fazali tutilish tugaydi, 8-sentyabr soat 00:56 da qisman Oy tutilishi ham tugaydi. Oy tutilishi umumiy 5 soat 26 daqiqa davom etadi. Oy tutilishi boshlanganda Toshkent shahrida Oyning ufqdan (gorizontdan) balanligi 27° ni tashkil etadi, tutilishning maksimal fazasida ushbu qiymat 39° ni, tutilish tamomlanish arafasida ushbu qiymat 41° ni tashkil etadi. Tutilish davomida Oyning ufqdan balandligi O‘zbekistan Respublikasining shimoli-g‘arbiy hududlarida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tutilish boshlanganda 21°, tutilishning maksimal fazasida 30° va tutilish tugashi arafasida esa 38° ni tashkil etadi.
Shu o‘rinda ayrim ko‘rsatmalar va tavsiyalar berib o‘tamiz:
Oy tutilishini kuzatish uchun maxsus jihozlar talab qilinmaydi va oddiy (qurollanmagan) ko‘z bilan kuzatish mumkin. Oy tutilishini kuzatish Quyosh tutilishidan farqli o‘laroq, Oyning to‘liq tutilishini kuzatish uchun hech qanday maxsus jihozlarni talab qilmaydi. Oy tutilishi qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rish xavfsiz.
Raxim Matekov,
O‘zR FA Ulug‘bek nomidagi
Astronomiya instituti
texnik xodimi