Sayyoralar paradi bu noyob astronomik hodisalardan biri bo‘lib, bunda 2 va undan ortiq sayyoralar bir to‘g‘ri chiziqda yoki bir-biriga yaqin burchak masofada joylashadi. Sayyoralar paradini ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruh kichik sayyoralar paradi deb ataladi va unda 4 tagacha sayyoralar qatnashadi. Kichik sayyoralar paradi bir yilda bir marta sodir bo‘lishi mumkin. Ikkinchi guruh esa katta sayyoralar paradi deb ataladi, bunda 5 ta yoki undan ortiq sayyoralar bir-biriga yaqin burchak masofaga kelishadi. Ushbu hodisa 18-20 yilda bir marta sodir bo‘ladi. Bundan tashqari Quyosh sistemasidagi 8 ta sayyora ishtirokidagi parad ham bo‘lishi mumkin, bu noyob astronomik hodisa 170 yilda bir marta sodir bo‘ladi.
2026-yil 28-fevral kuni oltita sayyoralardan iborat parad sodir bo‘ladi. Ushbu sayyoralar paradida Quyosh tizimidagi oltita sayyora, ya’ni Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter sayyoralar ishtirok etadi.

28-fevral kuni Quyosh ufqqa botgandan keyin ushbu sayyoralar paradini yurtimizning barcha hududlaridan kuzatish mumkin. Ushbu sayyoralar paradida sayyoralar osmon sohasining chorak qismini egallaydi va paradda ishtirok etadigan sayyoralarni osmonning janubiy-g‘arbiy qismidan topishingiz mumkin. Ushbu paradda ishtirok etadigan sayyorlardan faqat 4 tasini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin holos (bular: Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter), Neptun va Uran sayyoralari esa juda xira bo‘lganligi sababli ularni ko‘rish uchun maxsus optik uskunalar (teleskop yoki binokl) kerak bo‘ladi.
Merkuriy va Venera Quyoshga juda yaqin bo‘lganligi sababli ular parad vaqtida ufqqa juda yaqin bo‘ladi, bu esa ularni osmonda ko‘rish imkoniyatini kamaytiradi. Sayyorlar paradi vaqtida sayyoralarning Yer va Quyoshga nisbatan Quyosh tizimidagi vaziyati quyidagi rasmda keltirilgan.

Rasmda Mars sayyorasi Yerdan qaralganda Quyoshdan avval ufqqa botib ketishini tushunish qiyin emas. Shu sababli Mars sayyorasi bu safar paradda ishtirok etmaydi.
Xullas, 28-fevral kuni Quyosh botgach janubiy-ga’rbiy osmonga qaraganimizda to‘layotgan yarim Oy va undan uncha uzoqda bo‘lmagan Yupiterni topasiz, Uran sayyorasi oddiy ko‘z bilan ko‘rinmaydi lekin Uran sayyorasi Pleada (Hulkar yulduz to‘dasi) yaqinida bo‘ladi. Hulkar yulduz to‘dasi qorong‘u tunda oddiy ko‘z bilan ham ko‘rinadi va osmonda e’tobingizni tortishiga ishonaman. Saturn, Neptun, Venara va Merkuriy bu paradda bir biriga juda yaqinligi bilan diqqatga sazovor. Bu to‘rtta sayyora Quyosh botgach unga ergashib botishni boshlaydi va shu sababli bu to‘rtta sayyorani osmonda ko‘rish uchun g‘arbiy osmon ufqini baland binolar to‘smaydigan tepalikdan kuzatish kerak bo‘ladi.
Ko‘pincha ayrim insonlar sayyoralar paradi kabi astronomik hodisalarni yoki boshqa osmon jismlarini inson taqdiri va kelajagi bilan bog‘lashga, turli farazlarga asoslanib bashoratlar qilishga urinadilar. Biroq ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, har qanday astronomik hodisa jumladan sayyoralar paradi ham – inson hayoti, taqdiri yoki kelajagiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi va ular bilan bog‘liq emas. Bunday hodisalar tabiatning qonuniy va oldindan hisoblab bo‘ladigan jarayonlari bo‘lib, shunchaki noyob va qiziqarli astronomik voqea hisoblanadi. Shu sababli, sayyoralar paradini turli taxmin va xurofotlarga bog‘lash o‘rniga, uni ilmiy jihatdan anglab, osmon go‘zalligidan zavq olib kuzatish maqsadga muvofiqdir.