Manzil: | 100029, Toshkent sh., Mustaqillik maydoni, 2 |
Direktor: | Pidaev Shokirjon Rasulevich |
Теlifon: | (+998 71) 239-17-71 |
Faks: | (+998 71) 239-46-67 |
Sayt: | finearts.uz |
O'zR FA San'atshunoslik instituti Samarqandda 11 dekabr 1928 yili O'zbekiston xalq Maorifi Komissarligi kollegiyasining № 14-sonli bayonnomasiga binoan O'zbek davlat musiqa va horeografiya ilmiy-tadqiqot instituti (Inmuzhoruz) sifatida tashkil etilgan. Unga taniqli yozuvchi, dramaturg, jamoat arbobi Abdurauf Fitrat hamda O'zbekistonning birinchi musiqashunos olimi Nikolay Nazarovich Mironov asos solgan.
O'zbek xalq milliy merosini targ'ib qilishni o'z oldiga maqsad qilib olgan institut milliy musiqa madaniyatini o'rganish, musiqashunoslar va kompozitorlar tayyorlash ishi bilan faoliyatini boshlagan. Shunga muvofiq Muhtor Ashrafiy, Tolibjon Sodiqov, Sharif Ramazonov, Mutavakkil Burhonov, Olimjon Halilov, Shonazar Soxibov, Raxmon Olloberganov, Mardon Nasimov, Mihail Qalantarov, Manas Leviev, Doni Zokirov, Po'lat Raximov, Sharof Bobokalonov, Qori Siroj Yusupov, Nabi Xasanov, Fazliddin Shohobov, Solixa Halimboeva, Sharifa Saidnosirova kabi iqtidorli yoshlar qabul qilingan. Mazkur dargoxda ta'lim oluvchilar aspirantlar deb yuritilgan. Ularga Ota Jalol Nosirov, Domla Xalim Ibodov, Abduqodir Ismoilov, Matyusuf Harratov kabi o'zbek musiqasi bilimdonlari saboq berganlar. Shuningdek, yoshlar adabiyotshunos va dramaturg G'ulom Zafariy hamda Mazxar Burxonovlardan adabiyot fanini o'rganganlar.
1957 yili institutda aspirantura tashkil qilindi. P.SH.Zohidov (me'morlik fanlari doktori, akademik), M.H.Qodirov (san'atshunoslik fanlari doktori, professor), A.R.Umarov (san'atshunoslik fanlari nomzodi), T.T.Tursunov (san'atshunoslik fanlari doktori, professor) institutning birinchi aspirantlari bo'lishgan.
1963 yilda institut hodimlari orasidan birinchi bo'lib L.I.Rempel Moskvada doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan.
1959 yilda “Tasviriy san'at va me'morlik” bo'limi negizida “O'zbekiston san'atshunosligi ekspeditsiyasi” tashkil etilgan bo'lib, uning dastlabki raxbari G.A.Pugachenkova edi. Ekspeditsiya olimlari respublikamiz janubiy hududlari qadim yodgorliklarini o'rganish, arxeologik xaritalar tuzish va zaminimizning olis moziy san'ati bilan bog'liq manbalar topishda katta yutuqlarga erishdilar.
Institut 1953 yilga qadar O'zbekiston SNKning San'at ishlari Bosh boshqarmasi, 1953-1957 hamda 1963-1997 yillari Madaniyat ishlari vazirligi, 1957-1963 yillari esa O'zbekiston Fanlar Akademiyasi, 1997 yildan 2009 yilning may oyiga qadar O'zbekiston Badiiy Akademiyasi tizimida faoliyat olib borgan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 19 maydagi №141-sonli qaroriga binoan institut O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimiga o'tkazildi.
Institut binosi Mustaqillik maydonida joylashgan bo'lib, bino 1972 yilda qurilgan. Binoning ikkinchi qavati O'zbekiston xalq rassomi Chingiz Aqmaroav va uning shogirdi Temur Sa'dullaev birgalikda ishlagan “Еtti go'zal” devoriy surati bilan bezatilgan. Majlislar zali bezaklari esa Zokirhon Bosithonov chizgan naqshlar asosida usta Mahmud Usmonov boshchiligidagi ganchkorlar guruhi tomonidan ishlangan.
Bugungi kunda institutda ilmiy-tadqiqot bo'limlari, Noyob ob'ekt, fotolaboratoriya, ilmiy kutubhona, qo'lyozma materiallar arxivi hamda dramaturiya fondi mavjud.