Manzil: | 100170 Toshkent sh., Mirzo Ulug‘bek tumani Ziyolilar ko‘chasi, 13 |
Direktor: | Berdieva Zuxra Shukurovna |
Telefon: | (+998 71) 262 74 58; (+998 71) 262 29 62 |
Faks: | (+998 71) 262 74 58 |
Sayt: | http: //fban.uz |
80 yillik faoliyati davomida ilmiy adabiyotga boy fondi yordamida O‘zbekiston ilm-fanining rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi FA Asosiy kutubxonasi zamon talablaridan kelib chiqqan holdi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va yil davomida 33 mingdan ortiq kitobxonlarga 1 milliondan oshiq axborot-kutubxona resurslari asosida ilmiy-tadqiqot ishlarida, ilmiy-amaliy faoliyatlarida, professor va o‘qituvchilarga, bakalvr va magistrlarga bilimini oshirishlarida, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida yordam berib kelmoqda. 1936 yildan Fanlar qo‘mitasining barcha nashrlaridan, keyinchalik barcha nashriyotlar va bosmaxonlarning nashrlaridan majburiy nusxa olish yo‘lga qo‘yilgan, bu esa kitobxonlarimizning axborot resurslari haqidagi xabardorligini oshiradi va ularning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy dunyoqarashini shakllantirishda va oshirishda muhim manba bo‘lib hisoblanadi. Ular orasida, ayniqsa 513 nomda respublika, viloyatlar, tumanlar gazetalari, 456 nomda turli ilmiy, ijtimioy-siyosiy, adabiy-badiiy, ixtisoslashtirilgan jurnallarning olinishi ham kitobxonlarimizning turli bilim sohalariga oid qiziqishlarini qondirishda katta ahamiyat kasb etadi. 1944 yildan AK sobiq Ittifoqda nashr etilayotgan ilmiy adabiyotlarning majburiy nusxasini oladigan kutubxonalar ro‘yhatiga kiritilgan edi. Shu yildan boshlab chet davlatlarning adabiyotlariga obuna bo‘lish va sotib olish uchun kutubxonaga valyuta ajratila boshlanadi va 10 404 nusxa adabiyot sotib olinadi. 1954 yildan boshlab AKda O‘zbekistonlik olimlarning bibliografik ko‘rsatkichlari, 1956 yildan “O‘rta Osiyo xorijiy nashrlarda” ( maqolalar) kartotekasi tuzilib nashr etila boshlandi.Turli xil muhim mavzularda retrospektiv , kundalik bibiloigrafik ko‘rsatkichlar tuziladi. 1991 yilga kelib chet el adabiyotlarini xarid qilish uchun ajratilayotgan limit to‘xtatiladi, shu yildan boshlab hamkor tashkilotlar bilan ekvivalent asosida adabiyot ayirboshlash ishlari boshlanib bugungi kungacha davom etmoqda. Hozirda kutubxona 43 ta rivojlangan davlatlarning 135 ta tashkilotlari bilan adabiyot ayirboshlash ishlari olib borilmoqda. Bular SNG va Boltiq bo‘yi davlatlari hamda uzoq chet el davlatlarining milliy kutubxonalari, FA kutubxonalari, milliy va davlat universiteti kutubxonalari, ilmiy-tekshirish institutlari va ilmiy markazlardir. Ko‘p yillar davomida AK Asosiy kutubxonada 1,5 mingdan ortiq nodir adabiyotlar saqlanadi. Uning tarkibida XVII-XIX asrlarga oid ilmiy nashrlar, “Avesto” kitobining Kopengagen universiteti kutubxonasi tomonidan tayyorlangan faksimele nashri ( 10 jildda), Turkistonlik olimlarning o‘lkamizga oid ilmiy kolleksiyalari mavjud. Kutubxonamiz respublikada 600 ming nusxadagi chet el ilmiy nashrlariga ega bo‘lgan yagona kutubxona hisoblanadi. 1994 yildan boshlab AK respublikada birinchilardan bo‘lib, Rossiyaning IRBIS dasturi asosida elektron katalog yaratishga kirishdi. Hozirgi kunga kelib, bibliografik yozuvlar soni 300 mingdan oshdi va biz bu bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yaratilayotgan yig‘ma elektron katalog ishida faol ishtirok etamiz. Endilikda retrofondimizning ham elektron katalogini yaratish ishini boshlaganmiz. AK tizimidagi barcha kutubxonalar uchun uslubiy markaz sifatida faoliyat yuritib keladi, turli ish yo‘nalishlarida uslubiy qo‘llanmalar tayyorlab tarqatadi. Keyingi yillarda uslubiy qo‘llanmalar ham qog‘oz, ham elektron shaklda tayyorlanmoqda. AK bibliograflari tomonidan juda katta retrospektiv bibliografik qo‘llanmalar nashr etilgan va bular hozirgi kunga qadar O‘zbekiston ilm-fani rivojida, bibliografiyashunoslik fanining rivojlanishida, bibliografik axborot mahsuloti sifatida alohida o‘ringa ega. Ulardan “O‘zbekistonning hayvonot olami”, “O‘zbekistonning o‘simliklar va hayvonot dunyosi”,”O‘rta Osiyo geologiyasi”, “O‘zbekiston geografiyasi”, “O‘zbekiston FA nashrlari”, “Kutubxonamiz nashrlari”, “O‘zbek tilshunosligi”, “XX sr qissachiligi” kabilarni tilga olib o‘tish mumkin. O‘zbekiston olimlarining biobibliografiyalari bevosita ularning ishtirokida tayyorlanadi. Kutubxonamizda 9 mingga yaqin dissertatsiya va avtoreferatlar mavjud bo‘lib, ulardan ko‘plab yoshlarimiz ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish jarayonida foydalanadilar. Bugungi kunda ulardan foydalanish samarasini oshirish maqsadida to‘la matnli ma’lumotlar bazasini yaratmoqdamiz. Hozirgi kunda O‘zbekiston Prezidentining 2011 yil 23 fevraldagi “ 2011-2015 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatini yanada sifatli takomillashtirishining chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2012 yil 20 martdagi “ Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi-axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunida blegilab berilgan elektron resurslar yaratish, mamlakatimizning yig‘ma elektron katalogini tashkil etish borasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. AKda olib borilayotgan ishlarimiz Prezidentimiz tomonidan 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan “Respublika aholisini axobrot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi va 2011 yil 23 fevralda qabul qilingan “2011-2015 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatini yanada takomillashtirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlari hamda 2011 yili sohamiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va birinchi marta qabul qilingan O‘zbekiston respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunida belgilab berilgan vazifalar asosida tashkil etildi. Ana shu qarorlar asosida biz birinchi galda kitobxonlarimiz uchun muhim bo‘lgan kam nusxadagi, noyob adabiyotlarning elektron variantlarini yaratishga kirishdik. Buning uchun bizda 25 ta kompyuter, bir qancha skaner va boshqa texnik jihozlar mavjud. O‘zbekiston FA tomonidan yana zamonaviy kompyuter texnologiyalari uchun 70 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, yana 30 ta kompyuter, skanerlar, printerlar, proektor, zimo-leto kondinsioneri va boshqa texnik vositalar olindi hamda AK tarkibida elektron kutubxona elektron o‘quv zali bilan tashkil etildi. Biz kutubxonamizda O‘zbekistonlik olimlarimizning shaxsiy kutubxonalarini jalb qilish yo‘li bilan “Akademiklar fondi”ni tashkil eta boshladik va hozirgi kunda kitoblar soni 1000 dan oshdi. Maqsadimiz: O‘zbekiston ilm-fanining rivojida ulkan hissa qo‘shgan olimlarimizning bir umr yiqqan kitoblarini ko‘z qorachig‘iday asrash, saqlab qolish, ilm yo‘liga kirgan yoshlarimizga bilim olishlarida kengroq imkon yaratib berish. Mustaqillik yillarida kutubxona faroliyatini rivojlantirish yo‘lida maqsadli grantlar bilan ishlay oldi. Bular Ayreksning PR dasturi bo‘yicha “Amerika kutubxonalari bilan tanishuv” ( 2005 yil iyun oyi, Boston), 2003-2004 yillarda “ Virtual kutubxona. O‘zbekiston kutubxonalarini yig‘ma elektron ktalogini tuzish bo‘yicha kutubxonalar Konsorsiumi” loyihasi, 2002 yilda “Fanlar akademiyasi tizimi kutubxonalarining konsorsiumi” loyihasi, 2001 yilda “Modelnaya avtomatizirovannaya biblioteka s uchebnыm sentrom” loyihalari bo‘yicha ish olib borilgan. AK xodimlari 2000 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan “Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot resurslari. Markaziy Osiyo, 2000-Samarqand; 2002-Buxoro; 2004-Toshkent-Samarqand, 2006-Farg‘ona, 2008-Urganch; 2010-Toshkent), “O‘zgarib borayotgan dunyoda kutubxonalar va assotsiatsiyalar” ( Rossiya-Ukraina, Sudak, 1996,1998-2002, 2004, ), “Yangi texnologiyalar yordamida kutubxonalar fondini saqlash” (Moskva, 2001 noyabr)mavzusidagi Xalqaro ilmiy anjumanlarda, Kievda 1994 yil o‘tkazilgan MAAN qoshidagi Hamdo‘stlik mamlakatlari va Boltiq bo‘yi akademiyalari kutubxonalarining kengashida ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. 2013 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi FA kutubxonalarining virtual korporativ tizimini yaratish orqali ilmiy tadqiqotchilar, professor o‘qituvchilar va talabalarni ilmiy-ta’limiy axborotlar bilan to‘la va tezkor ravishda ta’minlash maqsadida “ O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli Asosiy kutubxona va ilmiy-tekshirish institutlari kutubxonalarining virtual korporativ tizimi” mavzusida loyiha bo‘yicha ish boshlandi. Maqsadga erishish yo‘lida quyidagi vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi: ilmiy axborotlarning tizimi va turlarini, ilmiy tadqiqot institutlarida ilmiy ishlar uchun zarur jarayonlar va vositalarning tahlili va tasnifi. Bibliografik axborotlar, to‘liq matnli axborotlar uchun halqaro standartlar talabi asosida ma’lumotlar bazasi (matnli, video, audio) strukturasini ishlab chiqish; O‘zbekiston Respublikasi FA kutubxonalarini kerakli texnik va dasturiy ta’minot bilan ta’minlash. Kutubxonachilarga elektron katalog yaratish, elektron kutubxona, kitobxonlarga zamonaviy axborot xizmati, virtual korporativ tarmoqda ishlash bo‘yicha maxsus trening kurslarini o‘tkazish; Elektron katalog va to‘liq matnli ilmiy-ta’limiy ma’lumotlar bazasini (dissertatsiyalar, avtoreferatlar, monografiyalar, ilmiy maqolalarni o‘z ichiga oladi) shakllantirish va ularni yig‘ma elektron katalogga ulab qo‘yish; Yig‘ma elektron katalogga va ilmiy ta’limiy axborot ma’lumotlar bazasiga onlayn murojaatlarni taqdim qilish, virtual korporativ tizimi orqali kutubxonalarning tezkor ma’lumotlarini olishni ta’minlash; FA tizimidagi kutubxonalar xodimlariga elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, foydalanish, elektron katalog yaratish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish; Samarali axborot almashish uchun va kitobxonlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekiston respublikasi FA kutubxonalarining rivojlangan virtual korporativ tizimini O‘zbekiston Milliy kutubxonasining elektron kutubxonasiga ulash; Oldimizda turgan dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ishlarimiz ko‘p. 2015 yilga qadar belgilab olgan adabiyotlar fondini raqamlashtirish, dissertatsiyalar va avtoreferatlarning ma’lumotlar bazasini yaratish, yaratilayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy , I.A.Karimov, E.Vohidov, O‘.Hoshimov, O‘rta Osiyo va O‘zbekiston tarixi kabi mavzulardagi ma’lumotlar bazamizni muntazam to‘ldirib borish. Nashrga tayyorlangan Z.M.Bobur va Alisher Navoiy biobibliografiyalarini nashrdan chiqarish, elektron biobibliografiyalarni internet tarmog‘iga ulash, “Fan” nashriyoti tomonidan va boshqa nashriyotlarning ham nashrlari ma’lumotlar bazasini yaratish, Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ilmiy jurnallarning ham elektron katalogini, ham to‘la matnli ma’lumotlar bazasini yaratish hamda shular asosida O‘zbekiston ilm-fani rivojining kelugsi taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan, hissa qo‘shadigan yosh avlodning, ilmiy xodimlarning talab va qiziqishlarini to‘la, sifatli va samarali qondirishdan iborat.