2018 yil 15-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida 4 kun davom etgan “Katta adron kollayderida oʻtkazilayotgan fizik tadqiqotlar” mavzusida Xalqaro konferensiya oʻz ishini yakunladi.
Yadro fizikasi instituti – Respublikada va Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-tekshirish maskani boʻlib, unda yadro fizikasi, elementar zarralar fizikasi, qattiq jismlar radiatsiyaviy fizikasi va materalshunoslik, aktivatsion tahlil, radiokimyo ilmiy asbobsozlik sohalarida yuqori saviyada fundamental va amaliy izlanishlar olib boriladi.
Konferensiyada Katta adron kollayderida oʻtkazilayotgan fizikaviy tadqiqotlar natijalari va ularning istiqboli, takomillashtirilgan Katta adron kollayderida fizikaviy tadqiqotlar istiqbollari hamda uzoq kelajakka moʻljallangan CMS qayd qilish detektori modernizatsiyasining II fazasi kabi masalalari koʻrib chiqildi.
Konferensiya plenar majlislarida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yetakchi olimlarning 50 dan ortiq maʼruzalari eshitildi.