Ma’lumki, bugungi kunda Xiva shahri, xususan, shaharning qadimiy qismi hisoblangan “Ichan qal’a” davlat muzeyi qo’riqxonasi hududida turizmni rivojlantirish va xorijlik mehmonlarga ko’rsatilayotgan xizmatlar sifatini hamda muzey qo’riqxonasi hududida istiqomat qiluvchi mahalliy aholining maishiy turmushini yaxshilash, shaharning ichida komunikatsiya, ichimlik va oqova suvlar, gaz ta’minoti tizimlarini yangilash ishlari olib borilmoqda. Shunga ko’ra hozirda, muzey qo’riqxonasi hududida hukumat qarori bilan 80-90-yillarda yotqizilgan mavjud eski ichimlik va oqova suv tizimlari yer tagidan qazib olinib ularni tubdan yangilash ishlari olib borilmoqda. Mazkur qurilish, yangilash ishlarida tuproq ostida yotgan ming yillik osori-atiqalar, madaniy yodgorliklarga zarar yetkazmaslik maqsadida olib borilayotgan arxeologik tekshiruv ishlarida Xorazm Ma’mun akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” bo’limi ilmiy xodimlari Dilmurod Bobjonov va Shohruxmirzo Ismoilov muntazam ravishda ishtirok etib kelishmoqda.
Kuni kecha Xiva shahrining “Ichan qal’a” davlat muzey qo’riqxonasi hududidagi ta’mirlash ishlari chog’ida bundan bir necha yillar oldin yopib tashlangan quduq og’zi ochildi. Biroq, uning noan’anaviy ko’rinishi turli xil farazlarga sabab bo’lmoqda.
Chunki, bu quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan uning barcha qismida diametri bir xil ya’ni, 2,60 m ni tashkil qiladi. Chuqurligi 5,60 m ga teng. Qadimgi an’anaga ko’ra quduqning asosi, ya’ni, poydevor qismiga Xorazm sharoitida ko’p uchrovchi daraxt, tut yoki gujumdan yog’och poydevor o’rnatilgan. Yog’ochning qalinligi 16 sm atrofida. Quduq devorlariga 25x25x6 sm o’lchamdagi pishgan g’isht nozik did bilan terilgan. G’ishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud. Quduq taxminan bundan 100-150 yil oldin qurilgan. Hozirgi kunda mazkur quduqdan aynan nima maqsadda foydalanilganligi masalasi ilmiy jihatdan o’rganilmoqda.