Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Otarchi kim?


Nega “otarchi” deymiz? Bu so‘zni etimologik jihatdan qanday tahlil qilish mumkin? Uning oxirida ham mashhur “-chi” – ot yasovchi qo‘shimchasi turibdi. “-chi” ishtirokida yasalgan “ishchi”, “qo‘shiqchi” kabi so‘zlarni tushunish oson, chunki “ish”, “qo‘shiq”ning lug‘aviy ma’nosi hammaga ayon. Lekin “otar+chi”ning o‘zagi – “otar” nima?

Tilimizda ot so‘z turkumiga mansub “otar” so‘zi bor: yaylovda boqiladigan qo‘ylarning katta suruvi, podasiga nisbatan aytiladi bu so‘z, aslida, “o‘t-” (“o‘tlamoq”) o‘zagidan. Qo‘ylar otarini boquvchi cho‘ponga nisbatan ham ba’zan – “otarchi cho‘pon” deyish mumkin. Ammo bu “otar”ning qo‘shiqchi-otarchiga aloqasi bormi?

Yana bir “otar” – fe’l so‘z turkumiga mansub, sifatdosh, ya’ni “otmoq” ma’nosiga ega. Ammo uni ham “otarchi” bilan mantiqan bog‘lash qiyin.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “otarchi” – so‘zlashuv tiliga mansub so‘z sifatida qayd etilib: “to‘y va bazmlarda bebiliska pul topishga o‘rgangan muzikachi, ashulachi, raqqosa”, – deb izohlangan (O‘TIL. I t.: M. 1981. 548-bet). “Bebiliska pul topish” iborasi ham so‘zlashuv tiliga mansub bo‘lib: “osonlik bilan, zahmat chekmay pul topish”, degani. “Otarchi” biroz salbiy buyoqqa ega. Buni izohli lug‘atda keltirilgan ushbu ikki qator she’rda ham ko‘rish mumkin:

“Ey, otarchi mashshoqlar, qishloqqa chiqib turing,

Vijdonni jig‘ildonga, pulni hamyonga uring”.

Albatta, “otarchi” qadimiy so‘z emas, mumtoz adabiyotda uchramaydi, shunday bo‘lsa-da, uning tomirlarini qadimiy o‘zak-so‘zlardan ham izlab ko‘rish, bizningcha, foydadan xoli emas.

Qadimgi turkiyda “öt-” (“o‘t-”) fe’li – “sayramoq, kuylamoq, un chiqarmoq” kabi ma’nolarni ham bildirgan. Bu fe’l “öt-”, “ot-”, ba’zan “үt” shakllarida transkripsiya qilinadi. “Devonu lug‘otit-turk”da keltirilgan bir she’rda shunday misra bor:

“Tatlїg‘ OTAR sunduvach”, –

Ma’nosi: “Sanduvoch (bulbul) totli SAYRAYDI (KUYLAYDI)” (DLT.T. ”Fan”.I t. 1960. 481-bet). Ya’ni, ushbu misradagi “otar” so‘zi “sayrar, kuylar” kabi ma’nolarda bo‘lib, bir qarashda bizga “otarchi”ni eslatadi. “Devon”da boshqa o‘rinda bu fe’l bo‘lishsizlik shaklida ham kelgan: “Jalңus qaz ÖTMÄS” – “yolg‘iz g‘oz SAYRAMAS” (DLT. III-t.,T. 1963. 394-bet).

“Qutadg‘u bilig”da ham bu so‘zga bir necha bor duch kelamiz va har gal u – “sayramoq, un chiqarmoq” ma’nolarida qushlarga nisbatan ishlatiladi: “Unin UTTI kaklik kulәr qatqura” – “Kaklik yoqimli ovoz bilan SAYRADI, qah-qahlab kulmoqda”; “Qara chumg‘uq UTTI suta tumshuqi” – “Qora zog‘ tumshug‘ini ko‘pirtirib QAG‘ILLADI”; “Chechaklikdә sanvach UTӘR miң unun” – “Gulzorda bulbul (sanduvoch) ming ovoz bilan SAYRAMOQDA” (QB.T. ”Fan”. 1971. 74-bet. Nasriy tabdil muallifi Q.Karimov).

“Devonu lug‘otit-turk”da “o‘to‘rdi” fe’li ham keltirilib – “chaldi” deb izohlanadi: “o‘to‘rdi – chaldi. “Ol sїbuzg‘u o‘to‘rdi” – u sibizg‘a chaldi (o‘to‘ro‘r, o‘to‘rmäk)” (DLT. I t. 186-b).

Albatta, “Devon” va “Qutadg‘u bilig”dagi “kuylar, sayrar” ma’nosidagi mazkur “otar” yoki “chalmoq” ma’nosidagi “o‘to‘r-” – “otarchi” so‘zi o‘zagi bo‘lishga eng munosib nomzodday tuyuladi, lekin oradagi masofa yaqin o‘tmishda paydo bo‘lgan “otarchi”ni qadim so‘zga borib taqalishini shubha ostiga qo‘yadi. “Sayramoq” ma’nosidagi “öt-” fe’li Navoiy asarlarida uchramaydi. Biroq bu so‘z, ehtimol, shevalar, so‘zlashuv tili orqali bizgacha yetib kelib, undan “otarchi” ismi paydo bo‘lgandir.

Yuqorida ham qayd etilganidek, “otarchi” har doim salbiy ma’noda ishlatilgan va “otarchi” deganda haqiqiy san’atkorning ziddi, soxtakor, asosiy maqsadi yengil-yelpi pul topish bo‘lgan shaxs tushunilgan. Otarning ortidan yurgan cho‘ponlar ham ba’zan qo‘shiq kuylashgan, lekin bu bilan ular qo‘shiqchi bo‘lib qolishmagan, ehtimol, shuning ta’sirida “otarchi” ismi paydo bo‘lgandir. Shuningdek, “otarchi” –“otmoq” fe’lining ko‘chma “aroq ichmoq” ma’nosidan kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin.

Siz nima deb o‘ylaysiz?

Abduvohid HAYIT


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!