Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Yadro fizikasi sohasidagi yirik olim Raxim Yarmuxamedov olamdan o`tdi


O’zbekiston yadro fizikasi ilm fani og’ir judolikka uchradi. Fizika-matematika fanlari doktori, yadro fizikasi ilm fanining zabardast ustunlaridan biri, yetuk olim, sevimli ustoz, O’zR FA Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasi bosh ilmiy xodimi, professor Raxim Yarmuxamedov 2020-yil 4-noyabr kuni 77 yoshida hayotdan ko’z yumdi.

R. Yarmuxamedov 1943-yil 15-avgustida Samarqand shahrida tavallud topgan. 1960-yil Samarqand davlat universitetining Fizika fakultetiga o'qishga kirgan, hamda 1963-yili Moskva davlat universitetiga tanlab olingan va 1967-yilda ushbu universitetni tamomlagan. Ilmiy faoliyatini 1967-yilda Samarqand davlat universitetida boshlagan. 1969-1972-yillar davomida Moskva davlat universitetining aspirantura bo’limida o’qidi. 1973-1991-yillar davomida O’zR FA Yadro fizikasi institutida ilmiy izlanishlar olib borgan va nomzodlik, hamda doktorlik ilmiy darajalarini oldi. 1992-2016-yillar davomida O’zR FA Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasi mudiri lavozimida ishladi,  2017-yildan hozirgi kungacha O’zR FA Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasi bosh ilmiy xodimi  lavozimida samarali faoliyat ko'rsatib kelayotgan edi.

R. Yarmuxamedov ilmiy faoliyati davomida nuklon va klaster uzatilish periferik yadro reaksiyalari asosida yengil yadrolarning bir zarrali xolatlari uchun asimptotik normirovka doimiysi va spektroskopik faktor qiymatlarini aniqlashning yangi asimptotik nazariyasini yaratdi. Olingan fundamental natijalar radiatsion qamrash reaksiyalarining astrofizik S-faktorini hisoblashda qo’llanildi. Tadqiqot natijalari nufuzli xorijiy jurnallarda chop qilinishi dunyoning ko’plab ilmiy markazlari olimlari e’tiborini tortdi, hamda AQSH, Rossiya, Italiya, Belgiya, Germaniya, Yaponiya, Angliya, Polsha, Turkiya, Xitoy va Qozog’iston kabi rivojlangan davlatlar olimlari bilan uzoq yillar davomida hamkorlikda olib borilgan  izlanishlarga asos bo’ldi. R. Yarmuxamedov 120 dan ortiq ilmiy nashrlar, 80 dan ortiq maqolalar chop etgan. O'zining ilmiy-pedogogik faoliyati davomida O’zbekiston Milliy universiteti Fizika fakulteti talabalariga sochilish nazariyasi, hamda O’zR FA Yadro fizikasi instituti yosh magistr va aspirantlariga yadro reaksiyalari,  nazariy yadro fizikasi va elementar zarralar fizikasi fanlaridan chuqur saboq berdi. Raxim Yarmuxamedov juda ko’plab yurtimiz yosh izlanuvchilarining ilm sohasiga qiziqishiga sababchi bo’lgan ustoz hisoblanadi. Raxim Yarmuxamedov ilmiy rahbarligi ostida 2 nafar fan doktori va 5 nafar fan nomzodlari o’zlarining dissertasiya ishlarini himoya qilgan.

Raxim Yarmuxamedovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yadro fizikasi instituti hamda ko`p sonli shogirdlari nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.

Raxim Yarmuxamedov yurtimiz nazariy va yadro fizikasi sohasining mustahkam ustunlaridan biri, yetuk mutaxassis, kamtarin olim, sevimli ustoz va ajoyib inson sifatida shogirdlari va hamkasblari qalbida umrbod qoladi.

O'zR FA jamoasi


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!