Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Sаhrodа ruhi mаngu yashаydigаn аvliyo



Keyingi yillarda maʼnaviy-madaniy merosga yangicha yondashish va fikrlash taqozosi tufayli bizga nomaʼlum boʼlgan koʼpgina qadimiy yodgorliklari oʼrganilmoqda, hayotga keng tadbiq etilmoqda. Аmmo, choʼl hududlari mahalliy aholisi muqaddas qadamjolari hozirgacha mukammal oʼrganilmagan. Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimida joriy yilning 22-23-avgust kunlari “Jonajon Oʼzbekistonim mangu boʼl omon!” shiori ostida Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bagʼishlab “Qanorboy ota – Qizilqum sahrosi aziz avliyolaridan biridir” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar xuddi ana shu mavzuga bagʼishlandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqorolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʼllab – quvvatlash jamoat fondining “Qanorboy ota - qadamjosi qutlugʼ ziyoratgohga aylanib ketgan aziz-avliyolardan biridir” mavzusidagi loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirning birinchi kuni Navoiy davlat konchilik institutining majlislar zalida boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi FА Yosh olimlari, Navoiy davlat pedagogika instituti professor-oʼqituvchilari, Navoiy viloyati NNTlari rahbarlari hamda Xitoy halq Respublikasi “OYaSА” kompaniyasi vakillari ishtirok etishdi. 
Tadbirni ochgan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimi raisi g-m. f. d. Аbdurazak Mirzaev Xitoyning “OYaSА” kompaniyasi bilan tuzilishi kutilayotgan shartnoma haqida soʼzlab berdi. Kompaniya direktori Renhu Vang oʼz tabrik soʼzida seminar ishtirokchilarini Oʼzbekiston-Xitoy aloqalarining yanada mustahkamlanayotgani bilan qutladi. Oʼzbekiston Respublikasi NNT Milliy assotsiatsiyasi Navoiy boʼlimi raisi Klara Babakulova Uchquduq tumani “Qanorboy ota” xayriya jamoat fondining loyiha doirasida qilingan ishlariga toʼxtalar ekan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatimizdagi demokratik yangilanish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5430-sonli farmonida koʼrsatilgan nodavlat notijorat tashkilotlarni bilan hamkorlik qilish toʼgʼrisidagi topshiriqlarning ijrosini taʼminlayotgan Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimiga minnatdorchilik bildirdi. 
Tadbir ishtirokchilariga Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimi katta ilmiy xodimi, f.f.n., dotsent Muhabbat Yuldosheva tomonidan oʼzbek, qozoq, rus tillarida chop ettirilgan “Qanorboy ota” risolasi va bukletlar sovgʼa qilindi. Oʼzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi aʼzosi, Navoiylik rassom Naim Qodir chizgan Qanorboy otaning portreti Qanorboy ota qadamjosi imom-xatibi, Qanorboy otaning nabirasi Duysen Uderbaevga sovgʼa qilindi. Ushbu portret boʼlajak “Qanorboy ota” muzeyining birinchi eksponati boʼladi.
Ilmiy-amaliy seminar dasturi asosida tadbirdan soʼng Uchquduq tumanidagi Qanorboy ota qadamjosiga ziyorat uyushtiriladi.
Uchquduq tumanida joylashgan Qanorboy ota qadamjosida 23 avgust oʼtkazilgan tadbirda Uchquduq tumani hokimi oʼrinbosarlari M.Shamuratov, А.Bazarov, Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimi olimlari, Oʼzbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi Uchquduq tumani yetakchilari, Nuroniylar va ziyoratchilar ishtirok etishdi.
- Navoiyga kelgunimga qadar bunday qadamjo borligini bilmas edim, - dedi FА Yosh olimlar kengashi rais oʼrinbosari f.f.n., dotsent G.Tillaeva. - Kecha ziyoratga kelib Qanorboy otani tarixiy shaxs sifatida yanada chuqurroq oʼrganish va uning muqaddas qadamjosi binolarini termitga qarshi davo choralarini topishda Fanlar akademiyasi yosh olimlarini jalb etishni koʼnglimga tugib ketmoqdaman.
- Bunday bebaho merosiy qadriyatlarimizni xalqimiz, avvalo yoshlarimizning qalbi va ongiga singdirish lozim, - davom etdi Navoiy viloyati “Meros” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari F.Qodirova.
Uchrashuvda, “Qanorboy ota” ziyoratgohiga kelgan mehmonlarga toʼliq shart-sharoit yaratish maqsadida, Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimi hamda “Qanorboy ota” xayriya jamoat fondi tomonidan mazkur ziyoratgohga quyosh batareyalari oʼrnatilganligi hususida gapirildi. Biroq, bu borada hali koʼpgina hayrli ishlar qilinishi kerakligi taʼkidlandi. Va yana, Qizilqum xududida yashab oʼtgan abadiy uyquga ketgan boʼlsada ruhlari mangu tirik boʼlgan boshqa atoqli shaxslarni oʼrganishga diqqatni qaratilishi kerakligiga hususida alohida urgʼu berildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!