Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Rutanni COVID-19 hamda grippning barcha shtammlariga qarshi qoʼllashga ruxsat etildi


Bugungi kunga qadar SARS-CoV-2 virusi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun samarador, organizmga zararli taʼsir koʼrsatmaydigan dori vositalari yoʼq va shu sababli bunday dori vositalarini yaratish oʼta dolzarb vazifa boʼlib qolmoqda.

Koronovirusning hayot jarayoni va koʼpayishida hal qiluvchi vazifani virusining ikkita konservativ oqsillari - 3CL proteaza va RNK ga bogʼliq - RNK polimeraza bajaradi.

Bugungi kunda COVID-19ni davolashda 3CL proteazaning quyidagi ingibitorlaridan foydalanilmoqda:

  • Kaletra – (Lopinavir+Ritonavir), OITV-1 va OITV-2 ga qarshi yaratilgan. Davolash dozasi 400 mg/100 mg, bir kunda ikki mahal, 14 kun davomida qabul qilinadi. Preparatning davolash kursini bahosi 2,2 mln soʼmni tashkil qiladi.
  • Ribaverin – ogʼir oʼtkir respirator sindromi (SARS) tarqalgan vaqtda yaratilgan. Davolash dozasi 500 mg, kuniga 2-3 marta interferon yoki lopinavir/ritonavir bilan 10 kun davomida qabul qilinadi. Preparatning davolash kursi bahosi 0,4 mln soʼmni tashkil qiladi.
  • Remsidivir - RNK-ga bogʼliq RNK-polimerazaning ingibitori boʼlib, Ebola virusini davolash maqsadida yaratilgan. Qoʼllanilish dozasi vena orqali birinchi kuni 200 mg, keyingi 10 kun davomida 100 mg qabul qilinadi. Preparatning davolash kursi bahosi 3,5 mln soʼmni tashkil qiladi.
  • Favipiravir (Yaponiya) – analogi Аvifavir (Rossiya) grippga qarshi yaratilgan. Qoʼllanilish dozasi birinchi kuni 1600 mg dan ikki mahal, 2-10 kunlar 800 mg dan 2 mahal qabul qilinadi. Preparatning davolash kursi bahosi 1 mln soʼmni tashkil qiladi.

Bu preparatlar faqat birgina nishonni ingibirlaydi hamda qator nojoʼya taʼsirlar mavjud boʼlib, bemor bir necha oy oʼzini noxush sezadi.

OʼzR FА Bioorganik kimyo instituti hamda Xitoy Fanlar akademiyasi olimlari hamkorlikda totum Rhus coriaria (sumax) oʼsimligidan ajratib olingan Rutan preparati SARS-CoV-2 virusiga qarshi yagona samarali dori vositasi boʼlib, u antioksidantlik va antigipoksik xususiyatlarga ega. U SARS-COV-2 virusining 2 ta muhim ferment tizimini ingibirlaydi. Virusning hujayrada koʼpayishi va tarqalishi, patologik va yalligʼlanish jarayonini chaqiruvchi oqsillar hosil boʼlishini toʼxtatadi hamda kasallarda salbiy holat - “sitokinin boʼroni”ning oldini oladi. Natijada, SARS-CoV-2 virusiga chalingan bemorlarni tuzatish muddati qisqaradi va bemor oʼz holatiga tez qaytadi.

SARS-COV-2 virusiga qarshi qoʼllanilayotgan preparatlar dozasini oʼrganish natijasida Rutanni ogʼir va oʼrtacha ogʼirlikdagi bemorlarni davolashda 0,1 -0,3 g dozani qoʼllash kerakligini aniqlandi.

Oʼzbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi Virusologiya instituti tomonidan “Koronovirus infeksiyali bemorlarni davolash uchun 1-sonli Zangiota maxsus shifoxonasi” klinik bazasida “Rutan tabletkasi, 0,1 g” № 20 preparatining SARS-COV-2 virusiga qarshi randomezirlangan klinik sinovlariga koʼra:

1. Rutan preparati 103 ta koronovirus infeksiyasi bilan kasallangan oʼrtacha ogʼirlikda kechayotgan bemorlarda, qayd etilgan dozada sinalganda, COVID-19 orqali chaqirilgan yalligʼlanish jarayonining asosiy vositachisi boʼlmish C-reaktiv oqsili miqdorining statistik ahamiyatli kamayishi kuzatildi va bu orqali uning aniq yalligʼlanishga qarshi taʼsirga ega ekanligi aniqlandi. Rutan qabul qilgan biron-bir bemorga kasallik davomida oksigenatsiyaga muhtojlik boʼlmadi.

2. Rutan preparatini qabul qilgan sinov guruhi bemorlarini protokol davolanish fonida kasallikning 4-5 kuni davomida COVID-19 virusiga olingan PZR tahlil salbiy boʼldi.

Klinik sinov natijalariga koʼra, “Rutan tabletkalari, 0,1 g” №20 oʼrtacha ogʼirlikda kechayotgan oʼpka yalligʼlanishi 30% boʼlgan COVID-19 kasalligiga hamda grippning barcha shtammlariga qarshi dori vositasi sifatida qoʼllash uchun ruxsat etildi.

Rutan preparati substansiyasi FA Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqariladi, uning “Rutan tabletkalari, 0,025 g” №20 va “Rutan tabletkalari, 0,1g” №20 dori shakllarini “CHINA-UZBEKISTAN MEDICINE TECHNICAL PARK” MChJ xorijiy korxonasida hamda “RADIKS” MChJ tomonidan respublika ehtiyojini toʼla taʼminlaydigan miqdorda ishlab chiqariladi. “Rutan tabletkalari, 0,1 g” №20 bilan davolash kursining narxi 0,1 mln soʼm atrofida boʼladi.

Muhim!

Respublikada, shuningdek, butun dunyoda virus tarqalishi bilan bogʼliq vaziyat, koʼrilgan choralarga qaramay rivojlanib bormoqda.

Virus tarqalishining asosiy manbai infeksiyaning dastlabki kunlaridagi bemorlar boʼlib, ular virusga test topshirmasdan, oʼz holatlarini shamollash yoki gripp deb taxmin qilishi va shu bilan koʼpincha oʼzlari bilmagan holda oʼzgalarni ham virus bilan zararlashi va virus tarqalishi kengayishiga olib keladilar.

PZR – diagnostikani har kim ham qila olmaydi va bu juda qimmatga tushishini inobatga olib, shamollashmi, grippmi – bezovtalikning birinchi kunidanoq “Rutan tabletkalari, 0,1 g” №20 preparatini qoʼllash maqsadga muvofiq boʼlib, u qoʼllanishning birinchi soatidan boshlab virusning koʼpayishini toʼxtatadi va keyinchalik virusning patogen oqsillarini hosil boʼlishiga va kasallikning rivojlanishiga toʼsqinlik qiladi. Natijada sezilarli asoratlarsiz bemorning tez tiklanishni taʼminlaydi.

Rutan preparati mutlaqo xavfsizdir, bundan tashqari, u samarali antioksidant hisoblanib bemorning kislorod yetishmovchiligiga chidamliligini oshiradi. Bu oʼpkasi shikastlangan bemorlarda kuzatiladigan kislorod yetishmovchiligi holatida juda muhim hisoblanadi.

Shifokorlar va mutaxassislar uchun Rutan taʼsirining molekulyar mexanizmi, klinik sinovlari va immun tizimiga taʼsiri haqidagi batafsil maʼlumotlar OʼzR FА Bioorganik kimyo instituti (www.biochem.uz) saytida keltirilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!