Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Qishloq xo’jaligi sohasidagi taniqli olim Muhiddin Usmonov vafot etdi


Insondagi beminnat fazilatlar el-yurtiga qilgan xizmatida, kasbiga fidoiylik bilan qarashda namoyon bo‘ladi. Har bir mamlakat tarixini yorqin insonlar belgilaydi. Ular hayoti, zehni, bilimi, ma'naviy hususiyatlari, izlaridan ergashtirish qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi og‘ir judolikka yuz tutdi. “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” bo‘linmasi rahbari Usmonov Muhiddin Sultonovich bevaqt vafot etdi.

M.S.Usmonov 1958-yilda Namangan viloyati Chust tumanida tug‘ilgan va hayoti davomida respublikamiz qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan, paxtachilikda yuzaga kelgan muammolarni chuqur o‘rganib, ularni yechim topishga harakat qilgan, izlanishlar olib borgan va soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan fidokor olim edi.

Olib borgan izlanishlari davomida chigitni bentonit gili bilan qobiqlab ekish, bentonit suspenziyasi bilan chigitni bargidan oziqlantirish innovasion usullarini joriy etish hamda ertapishar va serhosil bug‘doy navini yaratish maqsadida mahalliy agromineral resurslardan tabiiy geobioaktivatorlarni olishning arzon va samarali texnologiyasini ishlab chiqish, uni respublika qishloq xo‘jaligi amaliyotida sinovdan o‘tkazish va boshqa shu kabi mavzularda qator loyihalarni amalga oshirish bilan birgalikda 2 ta patent hamda qator ilmiy maqolalar muallifi bo‘lgan.

Iste'dodli olim tashkilotchilik va yuksak insoniy fazilatlari bilan bo‘lim xodimlari hurmatini qozongan. Innovasion g‘oyalar kashfiyotchisi, shogirdlarga dadil qadamlar bilan ilmiy faoliyat olib borish va mamlakat iqtisodiyotini o‘stirishga munosib hissa qo‘shishdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishlarida hamnafas Muhiddin Usmonovning mashaqqatli mehnati, yangilikka va yaratuvchanlikka yo‘g‘rilgan hayot maktabi ilm sohasidagi ko‘pchilik yoshlarga ibrat bo‘lishi aniq.

Usmonov Muhiddin Sultonovichning bevaqt vafoti munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi uning oila a'zolari va yaqinlariga, shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!