OʼzR FА Milliy arxeologiya markazi (MАM) va “JURU ENERGY CONSULTING” MChJ oʼrtasida tuzilgan shartnomaga binoan MАM Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti mutaxassislaridan tarkib topgan guruh Qizilqum choʼlining janubiy-sharqida joylashgan Oyoqogʼitma botigʼi atrofida olib borayotgan tadqiqotlar davomida neolit davriga oid yangi neolit makonini topdi.
Oyoqogʼitma-2 nomi bilan atalgan ushbu makonda 370 ta tosh buyumlar, mikrofauna, oxra va gulxan qoldiqlari aniqlandi. Shu bilan birga Qorasigir botigʼi yaqinida paleolit davriga oid bir qator (7 ta punkt) yangi toshga ishlov berish ustaxonalari topildi. Ushbu ustaxonalardan kulrang va jigarrangli kremniylardan hamda slanetslardan ishlangan koʼplab ishlov berilgan tosh buyumlar aniqlanib, texnik-tipologik jihatdan oʼrta paleolit davriga oid deb hisoblanmoqda.
Hozirda ekspeditsiya tadqiqot ishlarini davom ettirmoqda va yana muhim natijalarni qoʼlga kiritish rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʼrnida:
Qizilqum choʼli bundan 5-6 ming yillar muqaddam bepoyon vodiy boʼlib, insoniyat ajdodlari juda zich yashagan “ming koʼllar mamlakati” boʼlgan. Darhaqiqat, hududda oʼnlab sersuv daryolar mavj urib oqqan, yuzlab yirik koʼllar va shunga mos fauna-flora mavjud boʼlgan. Neolit davriga oid dunyoga mashhur Kaltaminor madaniyati ushbu choʼl hududidan topib oʼrganilgan. Jumladan, Oyoqogʼitma botigʼining shimoliy chekkasidan Markaziy Osiyo neolitshunosligiga bebaho hissa boʼlib qoʼshilgan shu nomli makon topib oʼrganilgan. Oyoqogʼitma makoni Oʼzbekiston-Polsha-Fransiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan jahon standartlari darajasida tadqiq qilingan. Bu tadqiqotlardan olingan natijalar kaltaminorliklarning nafaqat, ovchi va baliqchilar, balki tuya, qoramol va qoʼy-echkilarni xonakilashtirgan mohir chorvadorlar boʼlganliklarini ilmiy jihatdan isbotlab berish barobarida, ushbu madaniyatning xronologik sanasini yana 900 ming yilga, yaʼni er.avv. 6300 ming yilliklargacha qadimiylashtirdi.