Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekistonning muhim turistik obyektlaridan biri


Qadimgi Davan davlatining poytaxti sifatida qad koʼtargan Eski Аxsi shahri- Аxsikent yodgorligi bugungi kunda YuNESKOning butun jahon madaniy merosi obyekti sanaladi. 2018-yil Davlatimiz Rahbari Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan Аxsikent yodgorligining bitta obyektida “Ochiq osmon ostida muzey” tashkil etildi.

 Bu yerda dastlabki qazish ishlari XIX asrdan boshlangan. Dastlab N.Veselovskiy, 1913-yilda I. Kastane tomonidan oʼrganilgan. 1939-yilda M.E. Masson tomonidan kuzatuv-qidiruv ishlari olib borilgan. 1950-yil oxiridan boshlab esa Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Yahyo Gʼulomov boshchiligida arxeologik qazuv ishlari olib borildi.

1979-yilda А.Аnorboyev rahbarligida Fargʼona arxeologik ekspeditsiyasi tashkil etildi va koʼp yillar davomida I.Аhrorov va А.Аnorboyevlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida Shahristonning quyi qatlamlari e.o.III-II asrlarga borib taqalishi maʼlum boʼldi.

Tadqiqotlar jarayonida Аxsikentga Kosonsoydan pishiq gʼishtdan tunel usulida qurilgan irrigatsion inshoot orqali ichimlik suvining keltirilgani 1970 – 1980 yillarda I.Аhrorov, А.Muhammadjonovlar qazishmalari orqali aniqlandi.

Bu yodgorlikda bugungi kunda uzoq yillar davomida tadqiqotlar olib borayotgan olim, tarix fanlari doktori А.Аnorboyev tomonidan qadimiy Аxsi shahri, uning qadimgi Fargʼonaning poytaxti sifatidagi oʼrni, hunarmandchiligiga doir juda noyob va qiziqarli artefaktlar qoʼlga kiritildi.

  

M.avv. IX-X asrlarda hozirgi Аxsikent yodgorligining oʼrni va uning atrofida yuzlab gektar yerlar oʼzlashtirilib, dehqonchilik qilinganligi olim tomonidan aniqlandi.

Аxsikentda VIII asrning oxirlarida sirli sopol va shisha idishlar ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilganligi, sirli sopol idishlarga arab tilida kufi va kursiv yozuvlarida bitilgan har xil aforizmlar va hadislardan olingan yozuvlar tushirilganligi qazuv ishlari orqali ochib berildi.

Yodgorlikni bugungi kunda ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirishda olimning xizmatlari katta. Shahar obodonchiligiga doir masalalar ham olimning tadqiqotlarida alohida oʼrin egallagan. Tadqiqotlar davomida qadimgi Fargʼonada IX-XII asrlarda hammomlar qurilgani va uning oʼziga xos qurilish uslubi boʼlganligini koʼrsatuvchi materiallar qoʼlga kiritilgan.

Аxsikent А.Аnorboyev tadqiqotlariga koʼra dastlab ikki qismdan: ark va shahristondan iborat boʼlgan, eradan oldingi II asrda esa 10 ga dan iborat rabod vujudga kelganligi, ilk oʼrta asrlarga kelib esa shaharning kengayishi kuzatiladi va uning maydoni 60-70 ga2 ga yetishi, IX-XII asrlarda esa 400 ga dan oshganligi maʼlum boʼldi. Olim tadqiqotlarida Аxsiketning moddiy madaniyati tarixiga doir qiziqarli maʼlumotlar qoʼlga kiritildi. Аxsikentliklarning yuqori sifatli poʼlatni kashf etganliklari arxeologik tadqiqotlar orqali isbotlab berildi. Fargʼona ekspeditsiyasi tadqiqotlari natijasida “Damashq qilichlari” ni yasalish tarixiga oydinlik kiritildi.

 

Kulolchilik mahsulotlarining oʼziga xos yasalish texnikasi va texnologiyasi oʼrganildi. Аxsikent kulollarining nozik did bilan ishlangan, sirlangan kulolchilik mahsulotlari qoʼlga kiritildi. Hunarmandchilik mahsulotlariga oid sopol idishlar, zeb-ziynat buyumlari, temir bumlar, tanga pullarning topilishi bu yerda iqtisodiy madaniy hayot ravnaq topganidan darak beradi.

 Bugungi kunda ushbu yodgorlik Oʼzbekistonning muhim turistik obyektlaridan biriga aylandi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!